Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda mamlakatimiz hayotiga daxldor qator qonun hujjatlari muhokama qilinmoqda. Deputatlar dastlab «Davlat qarzi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Ilg‘or xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida to‘rtta asosiy yo‘nalish belgilanmoqda.
Birinchi yo‘nalish — davlat qarzini xalqaro standartlar asosida boshqarish, mazkur jarayonda parlament rolini oshirish, uni makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish. Ikkinchi yo‘nalish — davlat ichki va tashqi qarziga o‘z vaqtida kafolatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash, uchinchi yo‘nalish — davlat qarzini diversifikatsiya qilish va unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshib ketish xatarlarini pasaytirish hamda to‘rtinchi yo‘nalish — davlat kafolatini berish mexanizmini takomillashtirish.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan davlat qarzini boshqarish jarayonining fragmentatsiyalashuvi oldi olinadi, davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari bo‘yicha xatarlarni samarali boshqarish, shuningdek, davlat qarziga o‘z vaqtida va to‘liq xizmat ko‘rsatilishini kafolatli ta’minlash mexanizmlari joriy etiladi.
Bundan tashqari, qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga, jalb qilinayotgan mablag‘lardan samarali foydalanishga hamda davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni boshqarishga xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, davlat qarzi ko‘rsatkichi yalpi ichki mahsulot (YAIM)ga nisbati 50-60 foizdan oshmaslik tavsiya qilingan. O‘zbekistonda Moliya vazirligi e’lon qilgan «Fuqarolar uchun byudjet» loyihasiga ko‘ra, Davlat tashqi qarzi 2022 yil yakunlari bo‘yicha 30,4 milliard dollarga (YAIMga nisbatan 41 foiz) yetadi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi, savollarga tegishli mutasaddilardan javob olindi. Shundan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA