Har bir mamlakatning qudrati uning qurollarida emas bilimida. Bilim esa o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Uni yaratadigan, tarbiyalaydigan, poydevorini quradigan bitta kasb bor: bu o‘qituvchi. Konstitutsiyaning 52-moddasida o‘qituvchi mehnatining davlat va jamiyat taraqqiyotining asosi sifatida e’tirof etilgani bejiz emas. Bu o‘qituvchi oldidagi ulkan mas’uliyatni tan olish, uning sha’ni va qadr-qimmatini davlat darajasida himoya qilishning eng yuksak ifodasidir. Bugungi o‘zgaruvchan XXI asrda jamiyatni rivojlantirish eng avvalo fikrlovchi, irodali, bilimli avlodni tarbiyalashdan boshlanadi. O‘qituvchi bir kunlik emas, bir avlodlik samarani yaratadi. U bir nafar bola qalbiga urug‘ tashlaydi, ammo bu urug‘ kelajakda jamiyatning butun qiyofasini o‘zgartirishi mumkin. Shuning uchun ham o‘qituvchining mehnati oddiy kasbiy jarayon emas, u ijtimoiy-madaniy missiya, u millatning intellektual xavfsizligi, u kelajakni qurish san’atidir.
O‘qituvchini e’zozlash davlatning ma’naviy qarzidir. Konstitutsiyaning ushbu moddasida davlatning aniq majburiyati belgilangan: “Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qiladi.” Bu allaqachon kech bo‘lgan qadriyatni qayta tiklash emas. Bu tarixiy adolat. Chunki o‘qituvchi jamiyatning barcha qatlamini tarbiyalaydi, ertangi shifokorni ham, muhandisni ham, harbiyni ham, davlat arbobini ham, olimni ham. Yaxshi o‘qituvchi jamiyatning tinchlik kafolati. Chunki bilimli avlod xatolarga kam yo‘l qo‘yadi, yurt taraqqiyotiga ko‘proq hissa qo‘shadi.
O‘qituvchiga g‘amxo‘rlik bu investitsiya, sarf emas. Moddada davlatning ikkinchi konstitutsiyaviy vazifasi belgilangan: “Davlat o‘qituvchilarning ijtimoiy va moddiy farovonligi uchun g‘amxo‘rlik qiladi.” Bu juda muhim. Chunki o‘qituvchini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sifatiga, jamiyatning ma’naviyatiga, millatning kelajagiga qilingan investitsiyadir.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, o‘qituvchi maqomi yuqori bo‘lgan davlatlarda iqtisodiyot ham, innovatsiya ham, ijtimoiy barqarorlik ham yuqoriroq bo‘ladi. Chunki kuchli o‘qituvchi kuchli ta’lim, kuchli ta’lim kuchli davlat. Finlyandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur bularning barchasi “o‘qituvchi avvalo” tamoyili bilan rivojlangan davlatlarda. Kasbiy o‘sish o‘qituvchi mehnatining davomiy samarasi 52-moddada yana bir juda muhim g‘oya bor: “Davlat o‘qituvchining kasbiy jihatdan o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi.” Bu o‘qituvchini yakkalab qo‘yish emas, aksincha, uni doimiy yangilanishga yo‘naltirilgan tizim bilan ta’minlashdir. Kasbiy o‘sish zamonaviy metodikalar, innovatsion texnologiyalar, qayta tayyorlash kurslari, muloqot madaniyati, xalqaro tajribaga yo‘nalish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash. Bu jarayon o‘qituvchini zamon bilan barobar yurishga undaydi. Bugun maktabdagi bir oddiy dars ertangi kashfiyotning, muvaffaqiyatning, milliy taraqqiyotning boshlanishi bo‘lishi mumkin. Shu sababli o‘qituvchi sha’nini konstitutsiyaviy darajada himoya qilish davlatning eng to‘g‘ri siyosati, jamiyatning eng yuksak madaniyati va millatning eng katta qadriyatidir.
Irada Rejametova,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti