O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Pensiya va kompensatsiya to‘lovlarini tayinlash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktyabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023 yil 31 oktyabrdagi PQ-353-son qarori ijrosini ta’minlash hamda qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktyabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga:
pensiya va kompensatsiya to‘lovlarini tayinlash tartibini takomillashtirish;
fuqarolarga yoshga doir va nogironlik pensiyalari hamda kompensatsiya to‘lovlarini proaktiv shaklda tayinlash tartibini joriy etish;
fuqarolarning davlat pensiya ta’minotiga oid qonunchilik hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Endi “Shaxs yoki qonuniy vakil pensiya tayinlashni so‘rab Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga bevosita tashrif buyurgan holda ariza berish, pochta orqali ariza berish, yashash joyidan qat’i nazar, Davlat xizmatlari markazi orqali yoki YAIDXPdan ro‘yxatdan o‘tgan holda so‘rovnomani to‘ldirib, murojaat qilish huqiqiga ega bo‘ladi.
Davlat xizmatlari markazi orqali yoki YAIDXPdan ro‘yxatdan o‘tgan holda pensiya tayinlash, shuningdek, proaktiv shaklda pensiya tayinlash shaxsning pensiya olish huquqini beradigan ma’lumotlari “YAMMT” IDAKda raqamlashtirilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Bunda shaxs yoki qonuniy vakil tomonidan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim qilingan ish staji, ish haqi va ustamaga oid raqamlashtirilmagan ma’lumotlar yoki hujjatlar orqali pensiya tayinlanishi yoki qayta xisoblanishi mumkin”.
Yoki Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiyani tayinlash yoki qayta hisoblashni so‘rab manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga arizani to‘ldirib yoki Davlat xizmatlari markazining davlat xizmatini ko‘rsatish xizmatidan foydalangan holda, so‘rovnomani to‘ldirish orqali pensiya tayinlashni so‘rab murojaat qilish huquqiga ega. Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiyalar ushbu Nizomda belgilangan umumiy tartibda proaktiv shaklda tayinlanadi, shu jumladan, Qonunning 49-moddasi ikkinchi qismida belgilangan nogironlik pensiyasi proaktiv shaklda qayta hisoblanadi.
Shaxsning pensiyani tayinlash va/yoki qayta hisoblash to‘g‘risidagi arizasi manzil-koloniya ma’muriyati tomonidan manzil-koloniya joylashgan joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsga manzil-koloniya ma’muriyati tomonidan Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga taqdim qilingan ish staji, ish haqi va ustamaga oid raqamlashtirilmagan ma’lumotlar yoki hujjatlar asosida pensiya tayinlanadi va/yoki pensiya miqdori qayta hisoblanadi.
O‘zA