O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.
Ishchi guruhning asosiy vazifalari:
amaldagi davlat pensiya ta’minoti tizimida mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida pensiya ta’minoti tizimining barqarorligiii ta’minlash va ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlash;
asoslantirilgan takliflarga muvofiq 2025 yil 1 martga qadar Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritishdan iborat.
Ishchi guruhga:
belgilangan vazifalarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, ilmiy va ta’lim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, mahalliy hamda xorijiy ekspert va maslahatchilarni jalb qilish;
Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi bo‘yicha tayyorlanayotgan takliflarning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritib borish hamda belgilangan vazifalar bo‘yicha so‘rov o‘tkazilishini tashkil qilish;
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalarini jalb qilgan holda tegishli masalalar yuzasidan nufuzli xorijiy ekspertlar, olimlar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkazish;
rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida Ishchi guruhga jalb etilgan mutaxassislarni xorijga qisqa muddatli xizmat safariga yuborish huquqi beriladi.
O‘zA