Avval xabar berilganidek, bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida bir qator qonun loyihalari muhokama etildi.
Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishda vakolatli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlardan muhofaza qilish bo‘yicha vazifalari, shuningdek, favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararni baholash va qoplashning huquqiy asoslari takomillashtirilmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga oid asosiy vazifalari belgilanmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni yanada tartibga solishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, fraksiya a’zolari meva-sabzavot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi sub’ektlar hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Muhokamalarda loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA