Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat organlari xalq xizmatida
11:37 / 2021-11-24

Qo‘shrabotlik Akmal Nurmurodov tumanning Zarmitan mahallasida shirinliklar ishlab chiqarish faoliyatini boshlaganiga endigina uch yil to‘ldi.

Bir binoni ijaraga olib, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Yaratilgan imkoniyat, davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va yengilliklar tufayli qisqa vaqtda oyoqqa turib oldi. Aniq ish reja, maqsad bilan ishlasa, yaxshiga daromad qilsa bo‘lar ekan. Shu bois Akmal faoliyatini kengaytirishga qaror qildi va yangi pishiriq pechlari hamda boshqa uskunalar xarid qilish uchun bankdan 60 million so‘m kredit so‘radi. Kerakli hujjatlarni tayyorlab taqdim etdi. Ammo kredit u kutganidek tez fursatda ajratib berilmagach, boshqa idoralarga bosh suqishga majbur bo‘ldi.

Jumladan, Prezident virtual qabulxonasiga ham murojaat qildi.

– Ochig‘i, muammo bunchalik tez hal bo‘ladi, deb o‘ylamagandim, – deydi A.Nurmurodov. – Oktyabr oyining boshlarida murojaat qilgan bo‘lsam, shu oyning oxirlariga qadar masala ijobiy yechim topdi, 60 million so‘m kredit ajratib berildi. Prezident Xalq qabulxonalari, virtual qabulxona va ishonch telefonlari, hokimlarning telegram kanallari orqali aholi murojaatlariga tezkor yechim topilayotgani odamlarga ancha yengillik bo‘lyapti.

Samarqand shahrida yashovchi Murod Bagirov Imom Vose mahallasidagi ichki yo‘llarni ta’mirlash masalasida murojaat qilgandi. Prezident Xalq qabulxonasi va mutasaddi idoralarning sa’y-harakati bilan shahar mahalliy byudjetidan pul ajratilib, ushbu mahalla ko‘chalari ta’mirlandi.

– Murojaatimdan so‘ng, qariyb bir kilometrlik mahalla yo‘liga asfalt yotqizildi. Bundan minnatdormiz, – deydi M.Bagirov.

Umuman, Samarqand viloyati aholisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, ishonch telefoni va Xalq qabulxonalariga tushgan murojaatlar qonunchilikda belgilangan muddatda va tartibda ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilmoqda.

Xususan, joriy yilda ishtixonlik Z.Kulanovaning murojaati asosida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Xalq banki tomonidan 160 million so‘m kredit ajratildi. Kattaqo‘rg‘onlik K.Karimovaning murojaati bo‘yicha shahardagi 3 kilometr mahalla yo‘li asfalt qilindi. Samarqand shahrida yashovchi V.Kruglovaning bolalar maydonchasi qurib berishni so‘rab, qilgan murojaati ham qanoatlantirildi.

Fuqarolarga murojaatlari bilan ishlash borasidagi bu kabi ishlar, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarga tezkor yechim topilishi keyingi yillarda hayotimizdan mustahkam o‘rin olgan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilning hayotiy ifodasi deyish mumkin.

Binobarin, davlatimiz rahbari ham yaqinda Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida kelgusi besh yilda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yangi pog‘onaga ko‘tarilishini alohida ta’kidlaji bejiz emas.

G‘.HASANOV, O‘zA