Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat organlari va tashkilotlariga ishga kirishning ochiq, shaffof tizimi yaratildi
14:06 / 2023-11-24

Davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirishda inson omilini kamaytirish, barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan vacancy.argos.uz portali ishga tushirildi.

Bu davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali hisoblanadi.    

Portal orqali joriy yilda respublikaning 70 vazirlik va idora hamda 208 tuman (shahar) hokimliklardagi mavjud 19,5 mingga yaqin vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar e’lon qilindi.  

Ushbu vakant lavozimlarga jami 554 ming 187 nafar nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirildi.  

Milliy matbuot markazida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Davlat organlari va tashkilotlariga ishga qabul qilishning ochiq, shaffof tizimi” mavzuida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.  

Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p tanlovlar mahallalardagi hokim yordamchilari yo‘nalishida – 2 ming 765, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida – 2 ming 592, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida – 1 ming 974, Yoshlar ishlari agentligi tizimida – 1 ming 950 marta o‘tkazilgan.  

Yakuniga yetgan tanlovlar bo‘yicha 7 ming 471 nafar malakali nomzod davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilindi. Tanlov g‘oliblarining 2 ming 664 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar, 2 ming 627 nafari ayollar, 1 ming 211 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etgan.    

Ilg‘or xorijiy tajribalar hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolardan kelib chiqib, Agentlik tomonidan tanlov bosqichlarini doimiy takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.  

Xususan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda tajribali ekspertlarni jalb qilgan holda ochiq tanlovlar jarayonida nomzodlarning bilimini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari uchun mo‘ljallangan yagona “Davlat fuqarolik xizmatchisi” test savollari to‘plamini ishlab chiqdi.  

Test savollari to‘plami milliy qonunchilik, davlat tili, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, mantiq, ya’ni IQ ni o‘z ichiga oladi.  

Test sinovi davomida nomzodga har bir yo‘nalish bo‘yicha 10 tadan jami 40 ta savol havola etiladi hamda javoblarni belgilash uchun 60 daqiqa vaqt beriladi. Ilgari 40 ta savolga 50 daqiqa vaqt ajratilar edi.  

Savollar to‘plami vazirlik va idoralarning inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari va nomzodlarning takliflari asosida yanada takomiliga yetkazildi.  

Shuningdek, testlar to‘plamidagi savollar bosqichma-bosqich vacancy.argos.uz platformasiga joylashtirib borilmoqda. Ayni vaqtda har bir savollar blokidan 20 tagacha bo‘lgan savollar portalning “Test savollari” bo‘limiga joylashtirildi.  

Testlar to‘plamidagi savollar tarkibi muntazam ravishda yangilab boriladi.  

Joriy yil 1 dekabrdan boshlab tanlovlarning test sinovi bosqichiga yagona o‘tish bali belgilanadi. Bunda nomzod tomonidan 56 ball to‘plangan taqdirda avtomatik ravishda uning portaldagi shaxsiy kabinetiga tanlovning suhbat bosqichiga o‘tganligi haqidagi xabar keladi.  

Yana bir muhim yangilik: endilikda nomzodlar tomonidan test sinovi jarayonida 56 ball to‘plangan taqdirda, ular 3 oy (90 kun) mobaynida tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etishlari shart emas. Ya’ni, 1 dekabr kuni test sinoviga kirib, 56 ball to‘plagan nomzod 3 oy davomida shu ball bilan boshqa vakant lavozimlar uchun tanlovlarda ishtirok etishi mumkin.  

Bunda nomzod hujjatlari malaka talablariga javob bergan taqdirda avtomatik suhbat bosqichiga o‘tganligi yuzasidan xabar oladi. 55 balgacha to‘plagan nomzod har gal o‘rnatilgan tartibda test sinovida qatnashishi shart.  

N.Abduraimova, O‘zA