French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat organlari va tashkilotlari ochiqlikni ta’minlashi shart
16:06 / 2022-11-15

Tahlillar ayrim davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash sohasidagi majburiyatlarga rioya etish tizimli yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatgan.

Ya’ni ma’lumotlarni e’lon qilish uchun mas’ullar, ularni e’lon qilish tartibi, muddatlari kabi masalalar aniq belgilanmagan. Oqibatda rasmiy veb-saytlarda yoki Ochiq ma’lumotlar portalida ma’lumotlarni o‘z vaqtida e’lon qilmaslik yoki to‘liq ochiqlamaslik holatlari kuzatilmoqda. 

Shu bois Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini baholash mezonlari” mavzusida seminarlar tashkil etilmoqda. Shu orqali yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar bo‘yicha atroflicha tushuntirish, amaliy maslahat va tavsiyalar berib borilmoqda. 

Navbatdagi shunday tadbirda 30 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlari ishtirok etdi.    

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati jamoatchilik uchun ochiq va  shaffof bo‘lishi, mansabdor shaxslarning esa xalq oldida hisobdorligi qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilab qo‘yilgan.  

Agentlik tomonidan yil yakunida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi e’lon qilinadi.

Ochiqlik indeksi davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish holati, ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida e’lon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yo‘lga qo‘yilgani kabi 8 indikator asosida baholanishi belgilangan. 

Seminar davomida ishtirokchilarga mazkur indikatorlarga oid ma’lumotlarni e’lon qilib borish, ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, bu borada yuqori ko‘rsatgichlarni qayd etish uchun e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida tushuncha berildi.  

N.Abduraimova, O‘zA