French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazorati o‘rnatiladi
09:24 / 2023-04-28

Yangi qonun kuchga kirdi

“Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.  

Mazkur qonun mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan.  

Bu jarayon esa davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishni hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishni talab qiladi.  

Qonun aynan davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlashga oid me’yorlarni qamrab olgan. O‘z navbatida, shu asosda ma’muriy sud ishlarini yuritish xalqaro standartlarga mos holda takomillashtirilmoqda.  

Endilikda ma’muriy sud ishlarini yuritish “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirildi. Bunda ma’muriy sudlarga o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyati yuklanadi.  

Huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga zararni undirish talabi bo‘yicha ham ma’muriy sudga kiritish huquqi taqdim etiladi.  

Ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, takroran ijro qilinmagani uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash belgilandi.  

Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlari joriy qilindi.  

Sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyili keng joriy etiladi. Bunda sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmagani sababli qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishni tugatishni taqiqlash hamda da’vo arizasi, ariza, shikoyatlarni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.  

Iqtisodiy sud tomonidan berilgan ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisining chiqargan qarori ustidan iqtisodiy sudga emas, balki ma’muriy sudga shikoyat qilish belgilandi.  

Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudi mansabdor shaxslarning e’tiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga qaratish zarur bo‘lganda xususiy ajrim chiqaradi.  

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, barcha sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari 3 yil ichida ijroga topshirilishi mumkin.  Ilgari iqtisodiy sudlarniki 6 oy ichida edi.  

Davlat ijrochisining har qanday qarorlari yoki harakatlari ustidan shikoyat faqat ma’muriy sudga yoxud bo‘ysinuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi. Ilgari Iqtisodiy sud bilan bog‘liq ijro yuzasidan iqtisodiy sudlarga shikoyat berilgan.  

Shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, endilikda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, ba’zilari fuqarolik sudiga, ba’zilari esa ma’muriy sudga taalluqli bir nechta talabni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ilgari mazkur ishlar birlashtirilib barcha talablar fuqarolik sudida ko‘rilgan.  

Talab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda taqdim etilgan taqdirda, da’vo arizasi (ariza) taalluqliligiga ko‘ra iqtisodiy sudga yoki ma’muriy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkaziladi.  

Iqtisodiy yoki ma’muriy suddan ariza yoki ish materiallari sudga taalluqliligiga ko‘ra kelib tushganda sudya ariza tegishli talablarga muvofiq emasligini aniqlagach, ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 10 kundan kechiktirmay da’vogarni (arizachini) kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi to‘g‘risida xabardor qiladi va unga buning uchun 10 kundan oshmaydigan muddat beradi.  

Bundan tashqari, mazkur kodeksga kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish hamda kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish bilan bog‘liq asoslar kiritildi.  

Qonun davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari himoya qilinishini ta’minlashga, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishga zamin yaratdi.  

Kuchga kirgan yangi me’yorlar fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishga hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.  

Norgul Abduraimova, O‘zA