Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat organlari bilan munosabatlarda barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi
16:08 / 2023-10-09

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuniga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi normalarini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama etildi.

— Ma’lumki, joriy yil mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, “Inson-jamiyat-davlat” degan ustuvor g‘oya yangi tahrirdagi Qomusimiz normalariga singdirildi, — dedi deputat Firdavs Sharipov. — Mazkur qonun loyihasi bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega ekanligi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi, yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi, shuningdek, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bu borada xalqaro tajriba, xususan, MDH davlatlarining qonunchiligi o‘rganilganda, ushbu davlatlar konstitutsiyalarida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 15 va 20-moddalarida belgilangan normalar o‘z aksini topgan. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi qonun ustuvorligini ta’minlashga hamda inson va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklarning inson foydasiga talqin etilishiga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA