ONLAYN
Davlat mulkini boshqarishning prinsiplari, davlat mulkiga egalik qilishning mezonlari belgilanmoqda va davlat mulki respublika hamda munitsipal mulk turlariga ajratilmoqda.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga munitsipal mulklarni belgilangan mezonlar doirasida sotish, ijaraga va ishonchli boshqaruvga berish vakolati qonun bilan belgilab berilmoqda.
Davlat mulkini boshqarishda hisobdorlik, shaffoflik va ma’lumotlarni oshkor qilish talablari o‘rnatilmoqda.
Bu yangi me’yorlar Senatning yigirma yettinchi yalpi majlisida muhokama qilingan «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilmoqda.
Muhokamada senatorlar bugungi kunda davlat mulkini boshqarish bo‘yicha yagona qonun mavjud emasligini, ushbu sohani tartibga soluvchi amaldagi qonun hujjatlarida davlat mulkiga egalik qilish, jumladan qaysi mulklarni davlatda saqlab qolish, qaysilarini xususiylashtirish bo‘yicha aniq mezonlar belgilanmaganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda 25 mingga yaqin davlat muassasasi va 2 mingdan ortiq davlat ishtirokidagi korxonalar mavjudligi, iqtisodiyotda davlatning ishtiroki yuqoriligi, jumladan, faoliyat ko‘rsatayotgan 2 ming 113 korxona 70 dan ortiq vazirlik va idoralar tomonidan boshqarib kelinayotgani qayd etildi.
Yangi qonun bilan davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda.
Davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishning asosiy yo‘nalishlari, davlat mulkidan foydalanish samaradorligini baholash mexanizmini joriy etishda davlat mulkini boshqarish sub’ektlarining, ya’ni Vazirlar Mahkamasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, davlat organlari va hokimliklarning vakolatlari belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, davlat mulkini boshqarish sohasini yanada takomillashtirishga hamda bu sohada Hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyatini hamda vakolatlarini aniq belgilashga, davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA