Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat mulkini boshqarishda hisobdorlik, shaffoflik va ochiqlik ta’minlanadi
09:54 / 2022-05-20

Davlat mulkini boshqarish bo‘yicha yagona qonun mavjud emas. Soha bir qancha qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solingani bois amaliyotda turli xil noaniqliklar uchramoqda.

 Xorijiy davlatlar, xususan Fransiya, Finlyandiya, Irlandiya, Vengriya, Ukraina, Janubiy Koreya, Xitoy, Filippin, Gruziya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda davlat mulki va uni boshqarish bilan bog‘liq munosabatlar yagona qonun bilan tartibga solinadi. 

Shuningdek, amaldagi milliy qonun hujjatlarida davlat mulkiga egalik qilish, ya’ni aynan qaysi mulklarni davlatda saqlab qolish, qaysilarini xususiylashtirish bo‘yicha aniq mezonlar mavjud emas. 

Shu sababli iqtisodiyotda davlatning ishtiroki yuqoriligicha qolmoqda. Ayrim sohalarda tadbirkorlik sub’ektlari orasida raqobat muhiti rivojlangan bo‘lsa-da, asossiz ravishda davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish hali ham amaliyotda uchrab turibdi. 

Davlat ishtirokidagi korxonalar turli xil davlat tashkilotlari va nazorat qiluvchi funksiyalarga ega organlar tomonidan boshqarilmoqda. Bu esa ushbu sohada davlat siyosatini bir xilda yuritish imkoniyatini cheklamoqda. 

Bundan tashqari, davlat mulkini boshqarish samaradorligi va ularni saqlash xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etish talabi qonun hujjatlari bilan belgilanmagan. 

Shu kabi muammolarga barham berish uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonuni ishlab chiqildi. Yangi qonunda davlat mulkini boshqarishda hisobdorlik, shaffoflik va ma’lumotlarni oshkor qilish talablari belgilanmoqda. 

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasida mazkur qonun ko‘rib chiqildi. Senatorlar, ekspertlar guruhi a’zolari hamda tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari qonun dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. 

Davlat mulklari respublika mulki va munitsipal mulk turlariga ajratilmoqda. Fuqarolik kodeksida belgilangan mol-mulklardan tashqari respublika mulkida yoki munitsipal mulkda bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlat mulklari belgilanmoqda. 

Shu bilan birga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga munitsipal mulklarni belgilangan mezonlar doirasida sotish, ijaraga va ishonchli boshqaruvga berish vakolati qonun bilan belgilanmoqda. 

Qonunning qabul qilinishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, davlat mulkini boshqarish sohasini yanada takomillashtirishga zamin yaratadi. Sohada davlat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyati va vakolatlarini aniq belgilash, davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.  
 

N.Abduraimova,  
O‘zA