Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat mulkiga xiyonat qilganlar jazosiz qolmaydi
17:02 / 2025-05-22

Energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, hamda sohada shaffoflikni ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir.

Shu bois, so‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishda nazorat ishlari kuchaytirilyapti. Mutasaddi idoralar tomonidan muntazam o‘tkazilayotgan tekshiruvlar davomida davlat mulki – energiya resurslarini talon-toroj qilish, foyda orttirish maqsadida yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarlik holatlari aniqlanmoqda va ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda. 

“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘zbek Norboyevning ma’lum qilishicha, bugungi kunda energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, noqonuniy harakatlarning oldini olish borasida jiddiy choralar ko‘rilmoqda. 

– Yaqinda amalga oshirilgan tezkor tadbirlarda yana bir qator qonunbuzarlik holatlari fosh etildi, — dedi N.Norboyev. — Xususan, Andijon viloyati Andijon tumanidagi “Teraktagi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “U.P.” MCHJga qarashli AYOQSHda sotilayotgan dizel yoqilg‘isidan namunalar olib, laboratoriyada tahlil qilindi. Natijada ushbu yoqilg‘i davlat standartlariga javob bermasligi, ya’ni sifatsiz ekani aniqlandi. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan hisob-kitob ishlari olib borilib, mazkur jamiyatga nisbatan 67,3 million so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi. 

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidagi Novkent shaharchasida joylashgan “F.P.S.” MCHJga tegishli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Tekshiruv davomida gaz iste’moli hajmini sun’iy ravishda kamaytirish maqsadida o‘lchov tizimidagi patrubkaning ichki qismiga davlat standartlariga zid ravishda tashqi ta’sir o‘tkazilgani aniqlandi. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar 4 milliard 193 million so‘mni tashkil qilgan. Ayni paytda mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, davlat mulkiga xiyonat qilganlar jazodan chetda qolmaydi. Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi kurashishda har bir fuqaro va tadbirkor o‘z mas’uliyatini his etmog‘i zarur. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA