French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat mukofotlari tantanali topshirildi
15:32 / 2025-11-10

Prezidentimizning “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tibbiyot sohasidagi samarali mehnati, inson salomatligini saqlash yo‘lidagi fidokorona xizmati, onalik va bolalikni muhofaza qilishga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun bir guruh sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.

Mukofotlanganlar safida surxondaryolik soha vakillari ham bor. Jumladan, Toshkent davlat tibbiyot universitetining Termiz filiali tibbiy biologiya va gistologiya kafedrasi mudiri Zamira Nurova I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni, Qumqo‘rg‘on tumanlararo perinatal markazining chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi mudiri Mehriniso Djumayeva II darajali “Salomatlik” ordeni, Angor tumanidagi “Q.Tulakov” oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi Muqaddas Avazova “Sog‘lom turmush” medali, Respublika tez tibbiy yordam markazining Uzun tumani bo‘limi haydovchisi Kenja Elamanov “Shuhrat” medaliga sazovor bo‘ldi. 

Bugun viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan marosimda davlatimizning ana shu yuksak mukofotlari fidoyi tibbiyot xodimlariga tantanali topshirildi.

Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mukofotlanganlarni samimiy tabriklab, ularning sohani rivojlantirishdagi mehnatini,  jamiyatda sog‘lom avlodni tarbiyalab, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish yo‘lidagi xizmatini alohida e’tirof etdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyotni rivojlantirib, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida fikr yuritdi. 

Prezidentimizning “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarori soha xodimlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir namunasi bo‘lgani ta’kidlandi.

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanshlar Surxondaryo viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, zamonaviy tibbiyot muassasalari barpo etilib, xorij uskunalari bilan jihozlanayotir. Shu yil Termiz shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizida 79,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga 300 bemorga mo‘ljallangan va 450 o‘quv o‘rniga ega yangi “Tibbiyot klasteri” foydalanishga topshirildi. Eng murakkab davolash jarayonlarini amalga oshirish uchun barcha sharoit yaratilgan muassasada jigar ko‘chirish, yurakda ochiq va yopiq usuldagi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Neyroxirurgiya, travmatologiya, urologiya, onkologiya, bolalar jarrohligi kabi yo‘nalishlarda ham murakkab operatsiyalar viloyatning o‘zida bajarilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilgan “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarish vaqti” loyihasi doirasida hududlardagi birlamchi tibbiyot muassasalarida umumiy qiymati 40 milliard so‘mlik qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilib, aholi hamda tibbiyot xodimlari uchun barcha sharoit yaratildi. 

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar tibbiyot tizimiga qaratilayotgan beqiyos e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirib, aholi salomatligini saqlash yo‘lida eng zamonaviy tajribalarni qo‘llab, yanada samarali xizmat qilajagini alohida qayd etdi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri