Mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari farmonlariga asosan Jizzax viloyatidan ham davlat xizmatchilari, ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy soha xodimlari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi mukofotlandi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Ergash Soliyev so‘zga chiqib, xalq xo‘jaligining barcha sohalarini rivojlantirish, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolik jamiyati va huquqiy-demokratik davlat barpo etish, milliy qadriyat va an’analarimizni keng targ‘ib qilish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Viloyat hokimi 16 nafar jizzaxlik fuqarolarga Davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.
Ushbu mukofotlanganlar orasida “Do‘stlik” ordeni sohibi, Zomin tumanidagi “Narzullayev Jasurbek” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Narzulla Saydullayev, Paxtakor tumani obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi Buviniso Xo‘jabekova, viloyat musiqali drama teatri aktrisasi Oliya Eshtuxtarova, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni nishondori Jizzax shahridagi Amir Temur nomli mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Mahbuba Mamirova, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi viloyat sudi raisining o‘rinbosari Akram Shukurov, Baxmal tumanidagi “Gulbuloq” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Umrzoq Hamroyev, “Sog‘lom turmush” medali bilan Mirzacho‘l tumani tibbiyot birlashmasining 17-sonli oilaviy poliklinikasi patronaj hamshirasi Sayyora Jonizoqova, “Shuhrat” medali bilan Arnasoy tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika katta inspektori Azizjon Abdusattarov, Milliy gvardiya harbiy qism otryad komandirining o‘rinbosari Ramshid Gulov va boshqa bir qator jizzaxliklarga Davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, mamlakatimizda Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi keng nishonlanayotgan bir vaqtda viloyat hokimi Ergash Soliyev G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi 100 yoshdan oshgan Oyxumor ona Shermatovaning xonadoniga borib, u kishining holidan xabar oldi va Prezidentimiz farmoniga asosan berilgan “Shuhrat” medalini tantanali ravishda topshirdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA