1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Bu yaqinda davlatimiz rahbarining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan Oqdaryo tumanidagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali biologiya fani o‘qituvchisi Lobar Boyqobilovaning samimiy iqrori.
O‘qituvchilik kasbiga mehr Lobar opaga ota-onasidan o‘tgan, shu sohaning nonini yeb katta bo‘lgan. Ota-onasi – biri oliy o‘quv yurtida, biri maktabda ishlab oila tebratgan, farzandlarini shu zahmatli kasb ortidan o‘stirgan, o‘qitgan.
– Otam Toshtemir Boyqobilov Jizzax pedagogika institutida talabalarga biologiya fanidan dars bergan, biologiya fanlari nomzodi, dotsent edi, – deydi Lobar Boyqobilova. – Onam Fotima Hayitova esa boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lganlar (ikkalalarini ham Alloh rahmat qilsin). Demoqchimanki, o‘qituvchilikning sharaf va mas’uliyatini avvalo ota-onam hayotida, uyimizdagi muhitda ko‘rganman, bunga ko‘nikkanman, kezi kelganda faxr-iftixor tuyganman. Otamga qiziqib, biologiya yo‘nalishini tanladim va oliy ma’lumot olgach, hech ikkilanmay, o‘zimizning So‘g‘onchi qishlog‘imizdagi 6-maktabga kelib ish boshladim. Shunga ham hash-pash degungacha 31 yil bo‘libdi. O‘quvchilarga kimyo, biologiya fanlaridan dars beraman. Maktabga kirsam, dunyo tashvishlarini unutaman, shu sababli kasbimni juda yaxshi ko‘raman. Biologiya – hayot haqidagi fan. Men uchun yana bir muhim jihati, bu fan menga doim otamni eslatadi. Mashg‘ulotlarda darslik bilan birga otamning qo‘llanmalaridan foydalanaman, darslarni hayotiy misollar bilan o‘taman. Shuning uchun bolalar biologiyani qiziqib o‘qiydi. Ularni shu fanga qiziqtira olganim uchun o‘quvchilarim tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘qib, shifokorlik qilmoqda. Yana ko‘plab shogirdlarim kimyo-biologiya fanlari bo‘yicha o‘qituvchi bo‘ldi. Jumladan, Muattar To‘xtayeva, Noila Hasanova, Gulshoda Ahmedova o‘zim bilan birga ishlayapti.
Lobar Boyqobilovaning o‘quvchilari fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlarda munosib qatnashib kelmoqda. Masalan, o‘tgan o‘quv yilida ushbu maktab o‘quvchilari Shafoat Musaxonova Al-Xorazmiy nomidagi tabiiy fanlar olimpiadasining viloyat bosqichida, Diyor Haqberdiyev viloyat hokimligining fan olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Uning 8-sinflar uchun “Odam va uning salomatligi” fanidan laboratoriya mashg‘ulotlari ishlanmasi tuman miqyosida ommalashgan.
– Bu yil kasb bayramimiz shukuhi ancha erta boshlandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi Lobar Boyqobilova. – Hali endigina yangi o‘quv yilini boshlab, dastlabki dars mashg‘ulotlarini o‘tayotgan edik. Darsdan keyin uyda edim. Maktabimiz direktori, keyin boshqa o‘qituvchilar qo‘ng‘iroq qilib, davlat mukofoti bilan taqdirlanganimni aytib, tabriklashdi. Ularga minnatdorlik bildirib, rahmat deyapmanu, ko‘nglimning bir chetida shubha ham borligini yashirmayman – hali bayramgacha ancha vaqt bor, hozirdan mukofotlanganlarni e’lon qilishmasa kerak, deb o‘ylayman. Keyin bolalarim va yana ko‘pchilik tabriklagach, xursandligimdan ko‘z yoshlarimni tiyolmadim. Shu topda ota-onamning zahmat chekib, o‘qituvchilik ortidan bizni shu darajaga yetkazgani, lekin bu kunlarni ko‘rolmaganini o‘ylab, siqildim. Men uchun mutlaqo kutilmagan holat keyin bo‘ldi. "Toshkentga borasiz, davlat mukofotini Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda olasiz", deyishdi. Ana endi mendagi hayajonni, quvonchni ko‘rsangiz. Ishonasizmi, uchrashuvdan oldingi oqshom ko‘zimga uyqu kelmadi – qanday minnatdorlik bildiraman, u kishi savolga tutib qolsalar javob bera olamanmi, degan savollar tinchlik bermasdi.
Xullas, ertasi kuni uchrashuv boshlandi. Birinchi qatorga o‘tqazishdi. Prezidentimiz shunchalik samimiy gapirardilarki, xuddi o‘zimizning yaqin insonimiz bilan suhbatlashayotgandek bo‘ldik. Yurtimiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, yosh avlodga zamon talablariga mos ta’lim-tarbiya berish va, albatta, o‘qituvchilarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Oldimizda turgan vazifalar tilga olindi. Mukofotlarni tantanali topshirish chog‘ida har birimiz bilan suhbatlashib, yutuqlarimizni e’tirof etib, unvon, orden va medallarni topshirdilar. Prezidentimiz menga ham yuksak unvonni topshira turib, faoliyatimdan, shu paytgacha erishgan natijalarimdan xabardor ekanliklarini aytganlarida qalbim shunday quvonchga to‘ldi, to‘lqinlandimki, bu hislarni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Albatta, e’tirof va e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham hayotimni maktabga, o‘quvchilarimga bag‘ishlab, ularning Yangi O‘zbekistonimizga munosib insonlar bo‘lib kamolga yetishlari uchun bor kuch va bilimimni bag‘ishlashga va’da berdim.
Bugun Lobar opa bilan birga ikki kelini va o‘g‘li Javlon ham maktabda faoliyat ko‘rsatib, yosh avlodga ta’lim-tarbiya bermoqda. O‘qituvchilar oilasida bu yilgi bayram yana ham shukuhli, unutilmas tarzda nishonlanmoqda.
G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri