Jizzax shahrida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga viloyat saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatning shahar va tumanlaridan a’lo xulqi, zukkoligi, o‘qish va mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyati, jamoat ishlaridagi faolligi, tashabbuskorligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli xotin-qizlar orasidan eng saralari tanlab olindi.
Ushbu tanlovlarda hukumat qarorida belgilab berilgan nizom talablari asosida, ya’ni fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha talabgorlarning erishgan yutuqlari va ijodiy ishlari nufuzli komissiya tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.
Tanlovning shahar va tuman bosqichlarida qariyb ming nafarga yaqin iqtidorli xotin-qiz ishtirok etgan bo‘lsa, shulardan 100 nafarga yaqini viloyat bosqichida o‘z iqtidorini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-20637]
Komissiya a’zolari tomonidan 8 ta yo‘nalish bo‘yicha har bir nomzodning tayyorlagan ishlari odilona baholanib, munosib nomzodlar ro‘yxati viloyat komissiyasiga tavsiya etildi.
– Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga nomzodlar dastlab 5 yo‘nalishda saralanardi, keyinchalik bu miqdor 7 tani tashkil etdi, – deydi komissiya a’zosi, “Jizzax ovozi” gazetasi bosh muharriri Said Donishev. – Tanlovning joriy yilgi viloyat bosqichida esa tavsiya etilayotgan nomzodlar 8 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z iqtidorini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi.
Shunisi quvonarliki, shahar va tumanlardan viloyat komissiyasiga tavsiya etilgan nomzodlarning deyarli barchasi o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib bo‘lishga munosib xotin-qizlardir. Lekin g‘olib har bir yo‘nalish bo‘yicha bir nafardan bo‘ladi va ularning faqat eng iqtidorli bo‘lgan 2 nafarigagina omad kulib boqadi.
Ishtirokchilar 8 yo‘nalish – fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va jamoatchilik faoliyati bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Hakamlar hay’ati ularning faoliyatini erishgan yutuqlari, ilmiy-ijodiy va amaliy ishlari, bilim va qobiliyatiga qarab munosib baholadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari