Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat mukofoti sovrindori – maktab faxri
12:42 / 2025-03-10

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 3 mart kuni qabul qilingan “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, yuksak mukofot bilan taqdirlanganlar qatorida samarqandlik Gulhayo Anorova ham bor.

Gulhayo 1998 yilda Oqdaryo tumanida tug‘ilgan va ayni paytda Pastdarg‘om tumanida istiqomat qiladi. U ma’lum muddat Samarqand shahridagi Vatanparvar mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da hozir Pastdarg‘omdagi 52-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga saboq berib kelmoqda.

Bugun ushbu ta’lim muassasasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi ishtirokida tantanali marosim o‘tkazildi.

Viloyat maktatabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Hamdamov, Pastdarg‘om tumani hokimi Sh.Rahmonov va boshqalar ijodkor o‘qituvchini davlat mukofoti bilan tabriklab, uning ijodi va pedagogik faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

– Gulhayo qizimiz Zulfiyaxonimning chinakam izdoshi, badiiy ijod bilan shug‘ullanib, she’riyat olamida bugun o‘z o‘rnini topib kelayotgan iste’dodli yoshlarimizdan biri, – dedi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira X.Bobomurodova. – Uning she’rlarida nafis hislar, yuksak insoniy tuyg‘ular yaqqol aks etib turadi. Yosh ijodkorning shu paytgacha “Aks-sado”, “Avron” nomli she’riy kitoblari chop etilib, ijodkorlar tomonidan yuksak e’tirof etilgani boisi ham shunda deb bilaman. Nasib etsa, Gulhayo barchamizning faxr va g‘ururimizga aylanadigan katta shoira bo‘ladi, ko‘plab shogirdlar tayyorlaydi, deb umid qilamiz.

Tadbirda Gulhayo Anorovaga boshqarma va tuman hokimligining sovg‘alari topshirildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri