Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Davlat moliyaviy nazorati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda
13:30 / 2020-08-14

Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti haqida gap ketganda, dastlab u Nazorat-taftish bosh boshqarmasi nomi bilan tashkil etilgan.

Qaror va ijro

Mamlakatimiz davlat moliyaviy nazorati tizimi Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi, Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti, vazirlik va idoralar Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlarini oʻzida mujassam etadi.

Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti haqida gap ketganda, dastlab u Nazorat-taftish bosh boshqarmasi nomi bilan tashkil etilgan. Hozirgi kunda Davlat moliyaviy nazorati departamenti oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Byudjet kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq olib boradi. Departamentning 14 hududiy boshqarmasi faoliyat koʻrsatadi.

Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-avgustdagi “Taʼlim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazorati tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasida tashkil etilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib Suv xoʻjaligi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda Bojxona qoʻmitasida mavjud.

Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari bevosita vazirlik va idoralar birinchi rahbarlariga boʻysunadi va oʻz faoliyatini yuqorida taʼkidlangan qaror, shuningdek, vazirliklar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorlari hamda lokal hujjatlar asosida olib bormoqda.

Davlat moliyaviy nazorati tizimini yana-da rivojlantirish maqsadida Moliya vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Davlat moliyaviy nazorati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgan boʻlib, bu boʻyicha vazirlik tomonidan qator xalqaro moliya tashkilotlari, jumladan, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi hamda Jahon banki ekspertlari ishtirokida muhokamalar oʻtkazilgan va takliflari olingan.

Shu bilan birga, ilgʻor xalqaro tajribada davlat moliyaviy nazoratida asosiy eʼtibor vazirlik va idoralarning ichki nazorat tizimi va tizim faoliyati samaradorligini (shu jumladan, ichki nazoratni ham) baholashni amalga oshiruvchi ichki auditga qaratilishi inobatga olinadi. Shu bois, bunda Jahon banki koʻmagidagi “Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi doirasida xalqaro ekspertlarni jalb qilish orqali Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarida ichki nazorat va ichki auditni yana-da rivojlantirish loyihasi rejalashtirilgan. Hozir bu boʻyicha texnik shartlar ishlab chiqilib, tender jarayonining ikkinchi bosqichi oʻtkazilmoqda.

Mamlakatimiz davlat moliyaviy nazorati tizimini isloh qilishning sabablari sifatida quyidagilarni aytib oʻtish mumkin:

– avvalo, byudjet tashkilotlarida aniqlanayotgan moliyaviy xato va kamchiliklar hamda kamomad va oʻzlashtirishlar miqdorining ortib borayotganligi byudjet mablagʻlaridan foydalanishning samaradorligiga salbiy taʼsiri yuzasidan xavotirga solayotganligi;

– rivojlangan davlatlar tajribasida vazirlik va idoralarda ichki nazorat va ichki audit tizimining rivojlanganligi hamda aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklar, kamomad va oʻzlashtirishlar boʻyicha rahbarlarining shaxsiy masʼuliyati va javobgarligi belgilanganligi;

– ilgʻor xalqaro tajribada davlat moliyaviy nazoratida birinchi galdagi vazifa sifatida sarflanayotgan mablagʻlar samaradorligi hamda natijadorligini baholashga oʻtilganligi va moliyaviy xato va kamchiliklar hamda kamomad va oʻzlashtirishlarni aniqlash funksiyasi koʻp hollarda asosiy emasligidir.

Davlat moliyaviy nazorati tizimi tashkilotlari faoliyatidagi takroriylik hamda vazifa va funksiyalarning aniq chegaralanmaganligi, faqat xatoliklarni aniqlash va jazolashga qaratilgan faoliyati mazkur organlar oldiga qoʻyilgan yangi vazifalarni hal qilish imkonini bermayotganligini aytib oʻtish mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, byudjet tizimi byudjetlari ijrosini nazorat qilish tizimini ilgʻor xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlarga muvofiq isloh qilishni talab etadi.

Bundan tashqari, moliyaviy-iqtisodiy sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan auditorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, sohani raqamlashtirish boʻyicha qator maqsadli vazifalarni amalga oshirish zamon talablaridan biri boʻlib qolmoqda.

Davlat moliyaviy nazorati tizimini isloh qilishdan maqsad, avvalo, xalqaro talablarga mos keladigan va faoliyatida zamonaviy usullardan keng foydalangan holda moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish hamda byudjet mablagʻlarining samaradorligini baholashga qaratilgan moliyaviy nazorat tuzilmasiga ega boʻlishdir.

Bunda, moliyaviy nazorat tizimida inspeksiyaviy hamda jazolashga qaratilgan va samarasiz tekshirishlar amaliyotidan moliyaviy xato va kamchiliklarni profilaktika qilishga qaratilgan va chuqur raqamlashgan, yaʼni inson faktori maksimal darajada cheklangan holdagi sunʼiy intellekt asosiga qurilgan xavflarni tezkor aniqlash orqali ularni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan komplayens nazorat tizimiga oʻtish asosiy maqsad hisoblanadi.

Koʻzlangan maqsadlardan yana biri, moliyaviy nazorat tizimida byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlarning samaradorligi va natijadorligini aniqlash va baholashni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan mustaqil tuzilmalarga ega boʻlishdir.

Yuqorida qayd etilganidek, davlat moliyaviy nazorati tizimidagi islohotlarda asosiy eʼtibor ajratilayotgan mablagʻlarning samaradorligi va natijadorligini aniqlash va moliyaviy xato hamda kamchiliklar holatlarini aniqlash hamda aybdorlarni jazolashga emas, balki xavf tahlilini doimiy oʻtkazish orqali ularning oldini olish, sodir etishga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan moliyaviy nazoratning mutlaqo yangi tizimini yaratish, korrupsiyaviy omillarga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha doimiy profilaktik choralarni qoʻllashga qaratiladi.

Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazoratining amaldagi tuzilmasi, vazifa va funksiyalarining ilgʻor xalqaro tajriba asosida tahlil qilinadi. Bunda xorijiy tajriba asosida davlat moliyaviy nazorati obyektlarida qonun buzilish holatlarini kamaytirish imkonini beradigan xavflar tahlili va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy tahliliy nazoratga asosiy eʼtibor qaratiladi.

Barcha vazirlik va idoralarda kuchli va taʼsirchan ichki nazorat tizimi hamda uni doimiy va mustaqil baholashni amalga oshiruvchi ichki audit xizmatlari tashkil etiladi.

Birinchidan, yangi shakldagi davlat moliyaviy nazorati tizimi vazifa va funksiyalarni aniq ajratilishi orqali ular faoliyati oʻzaro yana-da muvofiqlashtiriladi va rivojlantiriladi.

Ikkinchidan, byudjetdan ajratilayotgan mablagʻlar samaradorligi va natijadorligini aniqlash davlat moliyaviy nazoratining birinchi galdagi vazifasiga aylanadi.

Uchinchidan, davlat moliyaviy nazorati tizimida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda inson faktori cheklangan masofaviy nazorat shaklidagi komplayens nazorat shaklidan keng foydalanish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada, davlat moliyaviy nazorati yangi tizimi moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish orqali ularni kamaytirish imkonini keskin oshiradi.

Toʻrtinchidan, vazirlik va idoralarda ichki nazorat va mustaqil moliyaviy nazorat tuzilmasi boʻlgan ichki auditni rivojlantirilishi orqali ular rahbarlarining masʼuliyati va javobgarligi yana-da ortishiga erishiladi.

Xulosa shuki, yurtimizda davlat moliyaviy nazorati tizimini yana-da rivojlantirish bu borada xalqaro tajribani amaliyotgan tatbiq etib, byudjet tashkilotlarida aniqlanayotgan moliyaviy xato va kamchiliklarning oldini olish, kamomad va oʻzlashtirishlarga yoʻl qoʻymaslik orqali byudjet mablagʻlaridan foydalanishda yuqori samaradorlikka erishishdir.

Azamat JABBOROV,
Moliya vazirligi bosh iqtisodchisi