Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat moliyasini boshqarishda zamonaviy talablar va xalqaro tajriba
17:42 / 2025-11-25

Mamlakatimizda davlat moliyasini boshqarish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish va byudjet jarayonining samaradorligini yanada oshirish maqsadida dasturiy byudjetlashtirish tizimini joriy etish ishlari izchil davom etmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan vazirlik va idoralar mutaxassislarining institutsional salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan o‘quv-seminarlari shu maqsadlar bilan bog‘liq. 

Ushbu tadbirlar “Ernst & Young Advisory LLC” va “Ecorys Nederland” xalqaro konsalting kompaniyalari ekspertlari ishtirokida tashkil etildi.

Vazirlik va Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan “Institutsional salohiyatni oshirish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda dasturiy byudjetlashtirishning asosiy tamoyillari, natijaga yo‘naltirilgan rejalashtirish jarayoni va byudjet dasturlari pasportlarini tuzish tartibi yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, byudjet xarajatlarini tahlil qilish, natijalarni belgilash, indikatorlarni ishlab chiqish va dasturlar ijrosini monitoring qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu kabi tadbirlar davlat organlari mutaxassislari salohiyatini oshirish, ularning zamonaviy byudjetlashtirish mexanizmlarini chuqur tushunishi va samarali qo‘llashida alohida ahamiyatga ega. Shuningdek, seminarlar natijasida vazirliklar va idoralar o‘rtasida tajriba almashish, yagona standartlar asosida rejalashtirish va hisobot berish jarayonlarini takomillashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Muloqotlar davlat moliyasini boshqarishning samaradorligini oshirish, resurslardan maqsadli va tejamkorlik bilan foydalanish hamda jamiyat manfaatlariga mos keladigan davlat dasturlari va loyihalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirlar davomida xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari misolida dasturiy byudjetlashtirishning afzalliklari, uning samaradorlikni oshirishdagi o‘rni va O‘zbekiston sharoitida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, mutaxassislar o‘rtasidagi fikr almashinuvlar byudjet jarayonlarini isloh qilish, resurslarni maqsadli yo‘naltirish va natijadorlikka erishish bo‘yicha yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

N.Ziyodullayeva,

O‘zA