Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev bu kabi noqonuniy holatlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr hamda gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 6 ming 305 holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.
– Xususan, 308 million 845 ming metr kub tabiiy gaz (286 mlrd. 291 mln. so‘m) va 197 million 623 ming kilovatt soat elektr energiyasi (103 mlrd. 894 mln. so‘m) talon-toroj qilingan. Buning natijasida davlat manfaatlariga 390 milliard 185 million so‘m zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Andijon, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Inspeksiyaning Toshkent markaziy nazorat-kimyo laboratoriyasi tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlari davomida xususiy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 200 ta holatda sifatsiz 5 million 225 ming litr neft mahsulotlari aniqlanib, ularni sotishning oldi olindi. Hozirda qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi, – dedi N.Norboboyev.
Tadbirda inspeksiya tomonidan iste’molchilarga davlat xizmatlari ko‘rsatish natijalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Unga asosan jami 7 ming 700 ga yaqin ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari ekspertizadan o‘tkazilib, 5 ming 589 iste’molchining umumiy quvvati 844,8 megavatt bo‘lgan elektr qurilmalari elektr tarmoqlariga ulangan. Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ korxonalariga tegishli 2 ming 352 ta ob’ektning elektr ta’minoti loyihalari kelishilgan.
Shu bilan birga, xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlarni va potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash yuzasidan 246 ta xulosa berilgan.
Axborot xizmati rahbarining ta’kidlashicha, iste’molchilarning 50 kVt va undan yuqori bo‘lgan energiya resurslaridan oqilona foydalanishi yuzasidan 17 mingdan ziyod ko‘rsatma berilgan. Unga muvofiq, 538 ming kVt quvvatga ega bo‘lgan reaktiv energiya kompensatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatilishi ta’minlangan. Bu esa joriy yil yakuniga qadar 6 million 786 ming kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilishga zamin yaratgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri