San’at va madaniyat sohasi insonning ma’naviy-madaniy ruhiyatini yuksaltirish, estetik didini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Shunday ekan, yurtimizdagi madaniyat tashkilotlari va muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohada ijodiy hamkorlik va erkinlikni ta’minlash, ushbu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish dolzarb ahamiyatga ega.
Mazkur yo‘nalishda Samarqand viloyatida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, davlatimiz rahbarining “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning to‘qqiz oyi davomida davlat teatrlarida 815 ta spektakl seanslari o‘tkazilgan.

Shuningdek, teatrlar tomonidan 8 ta xorijiy, 14 ta mahalliy gastrol safari tashkil etilgan. Bolalar musiqa va san’at maktablari 5 turdagi (qashqar rubobi, dutor, doira, nay, g‘ijjak) 311 ta milliy musiqa cholg‘ulari to‘plamlari bilan ta’minlangan. 2024-2025 yilda 14 ta tuman va shaharda 1 tadan namunali madaniyat markazi tashkil etilgan.
Parlament quyi palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan joylarda mavjud davlat madaniyat muassasalari, ularning ekspluatatsiya holati, sohaga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar holati Samarqand viloyati misolida nazorat-tahlil tartibida o‘rganilgan edi. Mazkur o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda deputatlar sohada erishilgan yutuqlar bilan birga, ayrim kamchiliklar kuzatilganini qayd etdilar. Davlat madaniyat muassasalari, ularning ekspluatatsiya holatini yanada yaxshilashga qaratilgan ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha takliflar, tavsiyalar berildi.

Shu bilan birga, joylarda madaniy faoliyat sohasiga oid munosabatlarni yanada tartibga solish maqsadida “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qator takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA