Jizzax shahridagi korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasida davlat korxonalariga amaliy yordam ko‘rsatish mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda dalat ishtirokidagi korxonalar rahbarlari, tegishli davlat idora va tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashdi.
Prezidentimizning joriy yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, xususiy mulkchilikni rivojlagntirishdagi islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Ushbu jarayonning yanada shaffofligini ta’minlash maqsadida hududlarda “Davlat korxonalarini xususiylashtirish va sog‘lomlashtirish klinikasi” tashkil etilgan. Ayni paytda Jizzax viloyatida ham davlat korxonalarini sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Klinikada “Bir darcha” tamoyili asosida aholi va tadbirkorlarga iqtisodiy-moliyaviy, yuridik maslahatlar va informatsion xizmatlar ko‘rsatilib, xususiylashtirishni samarali tashkil bo‘yicha turli tadbirlar o‘tkazilayotir.
Klinikada bo‘lib o‘tgan ushbu seminarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bosh mutaxassisi Shavkat Mamatov va Doniyor Mamatqulov Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 dekabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalar ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun mohiyatini, qaror bilan belgilangan imtiyozlar, jumladan, davlat ishtirokidagi korxonalar ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini baholash tizimi haqida ma’ruza qilishdi.
Ma’ruzalarda davlat aktivlarini boshqarishni yanada takomillashtirish uchun qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar, mazkur jarayonda oshkoralik tamoyillari asosida agentligining maxsus veb-sayti (www.kpi.davaktiv.uz) ga davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalar amaradorligining muhim ko‘rsatkichlarni belgilovchi koefitsiyentlarni joylashtirib borish orqali ma’lumotlarni oshkor etish tizimi yo‘lga qo‘yilishining tartibi va ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
[gallery-492]
Hozirgi vaqtda Jizzax viloyatida davlat ishtirokidagi mavjud 133 ta korxonadan 114 tasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari o‘rtacha 80- 100 foizni tashkil etayotir.
Mazkur korxonalarda 2021 yilda faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida biznes rejalar ishlab chiqilib, yuqori turuvchi organlar tomonidan ma’qullangan. Jumladan, viloyatdagi 9 ta davlat ishtirokidagi korxonaning davlat ulushi xususiylashtirilishi belgilangan.
– Bugun davlat korxonalarini sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasidan har qanday tadbirkor yoki investor jarayonga tegishli barcha savollariga javob oladi, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Sarvarov. – Bu rtiqcha harakatlarga, sun’iy byurokratik to‘siqlarga barham beradi. Shu maqsadda klinika faoliyatini samarali tashkil etish uchun davlat aktivlarini boshqarish, bank, soliq, kadastr, savdo-sanoat, investitsiya va tashqi savdo boshqarmalaridan mas’ul xodimlar jalb qilingan.
Seminar yig‘ilishida davlat aktivlarini boshqarish, xarid qilish, ijaraga olish tartib tamoyillari, bank, soliq, kadastr, savdo-sanoat, investitsiya o‘rni masalalarida muhokama va munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tadbirkorlarni va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), O‘zA