Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat korxonalarini transformatsiya qilish: moliya va ichki audit funksiyalari
16:46 / 2024-02-20

Iqtisodiyot va moliya vazirligida tashkil etilgan galdagi seminar shunday nomlandi.

Unda iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Bobur Xo‘jayev Prezidentimizning 2022 yil 8 noyabrdagi “Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga urg‘u berdi. 

Qayd etilganidek, kompaniya, korxonalar faoliyatida ichki auditni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, davlatimiz tomonidan aynan shu tizimni keng joriy qilish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Ichki audit korxona moliyaviy-xo‘jalik faoliyati samaradorligini oshirish imkoniyatlarini aniqlashning eng qulay vositalaridan biridir. O‘z navbatida, u korxonaning raqobat jihatdan ustunligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Auditorlar palatasi kengashi raisi Ne’matullo Karimovning qayd etishicha, bugungi kunda iqtisodiy o‘zgarishlar barobarida davlat tashkilotlari, kompaniyalar va korxonalarning moliya hisobi va hisobotini yuritish bo‘yicha ham islohotlar amalga oshirilmoqda. 

–Bu jarayonda tashkilot va kompaniyalarning ichki auditini yuritish muhim hisoblanadi. Ichki audit har bir tashkilot faoliyatiga to‘g‘ri baho beruvchi va boshqaruv tizimi faoliyati samaradorligini ta’minlovchi tizim hisoblanadi. Mamlakatimizda ichki audit faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bir qator qarorlar qabul qilingan. Ular ijrosini ta’minlash bo‘yicha ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Ammo ma’lum bir vaqt o‘tishi bilan talablar o‘zgarmoqda. Aynan shu talablarni xalqaro standartlar asosida tatbiq etish, mamlakatimizga investitsiyalarni jalb qilish va ulardan samarali foydalanishda ichki auditning o‘rni beqiyos. Seminardan ko‘zlangan maqsad jahon hamjamiyati integratsiya jarayonida ichki auditning vazifasini to‘g‘ri belgilab olish va xalqaro me’yorlarga mos ravishda ishlarni tashkil etish, –dedi N.Karimov. 

Tadbirda “UzAssets” kuzatuv kengashi a’zosi Odilbek Isoqov davlat kafolatisiz xalqaro kapital bozorlarida kapital jalb etishga ko‘maklashuvchi xalqaro kredit reytinglarini olishda moliya va ichki audit funksiyalarining roli haqida ma’lumot berdi. 

Muhokama davomida seminar ishtirokchilari moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga muvofiq moliyaviy funksiyani o‘zgartirish, buxgalteriya hisobi, boshqaruv va soliq hisobini birlashtirish bosqichlarini ko‘rib chiqdi. 

Shuningdek, “Deloitte” va “KPMG” mutaxassislari tomonidan ichki audit funksiyalarini takomillashtirishning zamonaviy usullari va davlat korxonalarida ichki audit xizmatlarining roli va vakolatlarini rivojlantirish istiqbollari taqdim etildi. 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA