Iqtisodiyot va moliya vazirligida “Kelajak davlat korxonalarida axborot texnologiyalari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Vazirlik va “UzAssets” AJ hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kiberxavfsizlik markazi, KPMG va xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda davlat korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Unda davlat korxonalarini raqamlashtirish sohasidagi transformatsiyalar, yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda IT arxitekturasini shakllantirishning ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
“UzAssets” AJ rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga davlat korxonalarini muvaffaqiyatli raqamli transformatsiya qilish muammolarini bartaraf etish bo‘yicha strategik yechimlar va joriy tashabbuslar hamda davlat korxonalarida IT arxitekturasini shakllantirish yondashuvlari bo‘yicha ishlab chiqilgan metodologiya taqdim etildi.
Shuningdek, kiberxavfsizlik siyosati va protseduralari, davlat kompaniyalarida axborot resurslari xavfsizligini ta’minlash uchun ma’lumotlarni himoya qilish usullari haqida ma’lumot berildi. Bundan tashqari, muhim biznes jarayonlarining uzluksizligini qo‘llab-quvvatlash uchun IT infratuzilmasi landshaftining yuqori ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, sun’iy intellekt, blokcheyn va boshqa shu kabi ilg‘or texnologiyalarni birlashtirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Muhokama davomida davlat korxonalari tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida axborot texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi dolzarb masalalar va yutuqlar tahlil qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga davlat korxonalarida raqamli transformatsiya va axborot-kommunikatsiya muhitini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA