Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat kadastrlari palatasi binosining tom qismiga quyosh panellari o‘rnatildi
11:29 / 2023-05-11

Prezidentimizning “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish borasida respublikamiz bo‘ylab bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan 2 oy avval Kadastr agentligi "Geoinnovasiya markazi" davlat unitar korxonasi mutaxassislari Xitoy Xalq Respublikasining LONGi korxonasi bilan 600 kilovattli quyosh panellari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi. 

Quyosh panellari O‘zbekistonga yetib kelishi bilanoq Davlat kadastrlari palatasi binolari uning hududiy boshqarma va filiallari binolariga uskunalarni o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, energiya tejovchi manbalardan samarali foydalanish maqsadida Davlat kadastrlari palatasi Markaziy apparati ma’muriy binosining tom qismiga  1 ming 458 metr kv. maydonda har biri 550 vattni tashkil qiluvchi jami 60 kVtli quyosh panellari o‘rnatildi.  

Andijon va Namangan viloyat boshqarmalarida quyosh panellari o‘rnatilib, to‘liq ishga tushirildi. Farg‘ona viloyat boshqarmasida esa uskunalarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Bu jarayon hozirda barcha hududlarda bosqichma- bosqich amalga oshirilmoqda.  

Ma’lumot o‘rnida, quyosh panellarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u ikki tomonlama quvvatlanuvchi Monokristal panel bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nuri tushmagan holatda va bulutli kunda ham yorug‘likni o‘zida ishlay oladi. Quyosh panellari maxsus kompyuter dasturida loyihalashtirilib, joyning geografik koordinatlari, bino va tom konstruksiyasi inobatga olingan holda, har bir ob’ektga individual yondashib o‘rnatiladi.  

Joriy yilning yakuniga qadar Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari hamda tuman, shahar filiallari binolarida quyosh panellari to‘liq o‘rnatilib ishga tushirilishi rejalashtirilgan.  

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA