Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat–jamiyat–inson: Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining ajralib turadigan jihatlari nimada?
11:49 / 2020-05-03

Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari - Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Tayvan, Janubiy Koreya, jami 11 davlat.


Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari - Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Tayvan, Janubiy Koreya, jami 11 davlat. Ularning ajralib turadigan asosiy jihati shundaki, bozor mexanizmi ruli “qattiq siyosiy qoʻllar”da, yaʼni davlatning qoʻlida. Shu jihatdan olganda, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan jadal iqtisodiy islohotlar negizida ham davlatning bosh islohotchilik siyosati yotibdi. Tahlilimizni Malayziya davlatidan boshlaymiz. 1981-2003-yillarda Malayziyaning bosh vaziri lavozimida ishlagan Maxatxir Muhammad qoloq agrar iqtisodiyotli mamlakatni “Osiyo yoʻlbarslari” darajasiga yetkazgan kuchli arbob edi. U gʻarbiy qadriyatlarga zid oʻlaroq, “osiyocha qadriyatlar”ning tashviqotchisi, xalqaro qoʻshilmaslik harakatini rahbari boʻldi. “Kishilarning farovonligi hukumatning tashabbuskorligiga bogʻliqdir. 

Davlat tarafidan kichik biznesga yaratilgan yengilliklar tufayli Malayziyada mahalliy va xorijiy investorlar oʻzlarini qayta ishlash sanoatini barpo etishdi”, degan edi u. M.Muhammadning fikricha, davlat rahbari modernizatsiyalashda yetakchi rolni oʻynaydi, uning mamlakat taraqqiyotini belgilashdagi qobiliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Lider bu ishga jon-jahdi bilan berilishi, milliy taraqqiyot yoʻlini hayotga tatbiq etishga shaxsan rahbarlik qilishi, boshqaruvda, siyosatda, moliya va savdo sohalarida yuqori malakaga ega boʻlishi kerak. Sobiq bosh vazir Xitoy tajribasini yaxshi tahlil qiladi. “Mao ajoyib harbiy qoʻmondon edi, biroq mamlakatni boshqarish urush olib borishdan farq qiladi. U olgʻa surgan kommunistik mafkura taraqqiyotga yoʻnaltirilgan emas edi. Natija shu boʻldiki, Xitoy rivojlanishda ortda qola boshladi. Maoning vorisi Den Syaopin butunlay boshqa odam edi. U Xitoyni rivojlantirishga intilar, “hamonki mushuk sichqonlarni ovlar ekan, uning qora yoki oqligi muhim emas” deb hisoblar edi.

Bizga maʼlumki, “Osiyo fenomeni”, jumladan, Oʻzbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida ham diniy eʼtiqod, milliy urf-odatlar va anʼanalar yetakchilik qiladi. Xorijlik ekspertlarning taʼkidicha, “davlat – jamiyat – inson” konstruksiyasida “osiyocha konsepsiya” Gʻarb mamlakatlari tushunchasiga unchalik mos tushmaydi. Masalan, osiyoliklar “inson huquqlari, bu – jamoaviylik” deb biladi va jamiyat manfaatlari himoyasini ustun qoʻyadi. Jamoaviylik jadal iqtisodiy rivojlanishga erishish, jinoyatchilik va ishsizlikni past darajada ushlab turish imkonini beradi. Janubi-sharqiy Osiyo xalqlarining muvaffaqiyati tarixiy-madaniy, tarixiy-etnologik tajribasi, bilim, yozuv va anʼanalarni toʻliq saqlab qolganligi bilan belgilanadi. Qizigʻi shundaki, Osiyo davlatlari islohotlari ilk bosqichlarida iqtisodiy-ijtimoiy dasturlarni amalga oshirishda avtoritar boshqaruv kuchlilik qiladi.

Xoʻsh, “Osiyo qadriyatlari” nimalardan iborat? Uning Gʻarb qadriyatlaridan farqi nimada? Uzoq yillik tahlilimizga koʻra, quyidagi omillar ustunlik qiladi: jamiyat va davlat huquqlari inson huquqidan ustuvorlik qiladi, oila mustahkam boʻlishini xohlashadi, hukumat jamiyatga axloqiy qoidalarni joriy etishga imkon beradi, barcha sohada erkinlik tantana qilishi “gʻoya”si yoqmaydi, ota-onalar farzandlariga qattiqqoʻl boʻlishadi, kapitalizmning talabi, shart-sharoitiga tez moslashadi, hukumatdan ijtimoiy yordamni kutmaydi, taʼlimni yuksak qadrlaydi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham oila, jamiyat manfaatlari birinchi oʻrinda turadi. Xususan, koronavirus kasalligini birgalikda yengishda, tabiiy ofatlarni bartaraf etishda butun xalqimiz yurtboshimiz atrofida bir jonu bir tan boʻlib harakat qiladi.

Umuman olganda, 1990-yillardan boshlab jahon miqyosida iqtisodiy sakrashni amalga oshirib, Gʻarb mamlakatlarini lol qoldirgan rivojlanish ildizida, albatta, davlatning bosh islohotchilik gʻoyasi yotadi, deyish mumkin. Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur taraqqiyot modeli samaradorligi sabablari: birinchidan, davlat iqtisodiyot sohalariga doimo rahnamolik qilishi; ikkinchidan, ustuvor tarmoqlarga yuksak texnika, texnologiyalarni qoʻllash uchun imtiyozli kredit, soliq preferensiyalari berilishi; uchinchidan, mintaqadagi hukumatlar importga toʻsiq qoʻyilib, proteksionizmni qoʻllashida namoyon boʻladi. Ha, ochigʻi Yevropa va Osiyo davlatlar ining rivojlanish yoʻllarida ozgina farq mavjud: Gʻarbda makro-daraja (moliya, pul tizimi, tashqi savdo), Sharq davlatlarida mikro-daraja (narxlar va korxonalarni isloh qilish, nodavlat sektorini qoʻllash, kichik biznesni rivojlantirish) mexanizmiga koʻproq tayanishadi.

Oʻzbekiston milliy taraqqiyot yoʻlining samarali mexanizmlarini ishlab chiqishda yuqorida tilga olingan davlatlarning boy tajribasi juda asqatadi, deb hisoblaymiz. Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari iqtisodiy yutuqlari tag-zaminida milliy ruhiyat va ilgʻor texnologiyalar qoʻllanilishi yotadi. Masalan, Malayziya hukumati qoshidagi Milliy komitetga yoshlarni “ommaviy madaniyat”ning halokatli taʼsiridan himoya etish chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatilgan. “Yapon ruhiyati va gʻarb texnologiyasi” shiori tarixda oʻzini oqlab, yaponlarni peshqadam davlatlar qatoriga qoʻshdi. Singapurda pora olishdan bosh tortgan chinovniklarga mukofotlar tarqatiladi. Yaqinda matbuotimizda chop etilgan Singapurda Li Kuan Yu iqtisodiy modernizatsiyasiga doir oʻzbek olimining ajoyib maqolasida bu haqida eʼtiborga molik maʼlumotlar keltirilgan. Yaponiyada davlat sektori xodimlarining vijdonliligi baholab borilishi mexanizmi ham oʻrganishga loyiq hodisa. Yana aytadigan boʻlsak, “Konfutsiycha kapitalizm”, “Suxartocha siyosat, Maxatxira (ruxu nigara) gʻoyalari mazmun-mohiyati, Malayziyaga xos boʻlgan “intellektual miya hujumi”– insonning ichki quvvatini ochib beradigan tadqiqotlar ham navbat kutib yotibdi.

Baxtiyor OMONOV, siyosiy fanlar doktori TATU