Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish davr talabi
11:37 / 2022-03-29

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Navoiy shahri va Karmana tumanlaridagi xususiylashtirilgan korxonalarga press-tur tashkil etildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalarning bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan aktivlarini xususiy sektorga sotish yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bunda Prezidentimizning 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.

– Viloyatda davlat ulushi saqlanib qolayotgan ayrim tarmoqlar va yirik korxonalarda bozor mexanizmlariga o‘tish, yangi turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, mehnat unumdorligini oshirish, xususiy kapitalni faol jalb qilgan holda yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Jumayev. – O‘tgan 2021 yil davomida 35 ta 78,4 milliard so‘mlik davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilib, shundan 25 ta aktivlar tadbirkorlik sub’ektlariga 66,5 milliard so‘mga sotilishi ta’minlangan.

Dastlab press-tur ishtirokchilari Navoiy erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Polipropilen quvurlari” MCHJga bordi. Mazkur jamiyatning 100 foiz davlat ulushi E-auksion savdo platformasi orqali “IHLAS ELEKTRIK” MCHJ tomonidan 34,8 milliard so‘mga sotib olingan. Natijada korxonada raqobat muhitini yaxshilash, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari kengaydi. Ayniqsa, korxonaga yangi texnologiyalarning joriy etilishi bois ish unumdorligi oshib, yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ayni paytda bu yerda yangi turdagi zamon talablariga mos keladigan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

– Hozirda korxonamizda 40 turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, iste’molchilarga bir oyda 100 tonnaga yaqin mahsulot yetkazib bermoqdamiz, – deydi korxona mas’ul xodimi Aminjon Xalilov. – Agarda 2021 yil davomida jamiyat tomonidan 5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 2 oyi davomida bu ko‘rsatkich qariyb 1 milliard so‘mni tashkil etmoqda. Ayni paytda bu yerda 48 ishchi mehnat qilayapti. Kelgusida yangi ishlab chiqarish loyhalarini amaliyotga tadbiq etish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, “IHLAS ELEKTRIK” MCHJ tomonidan “Polietilen quvurlari” MCHJning 100 foiz davlat ulushi ham sotib olingan edi. 2021 yil yakunlariga ko‘ra jamiyat tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 19,1 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan 2 oyi davomida esa 4,3 milliard so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 124,5 foizni tashkil etgan. Ayni paytda jamiyatda 68 nafar ish o‘rni yaratilgan.

Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili “IMPERIUM INVEST” MCHJ bo‘ldi.

– 2020 yilda Navoiy shahrida joylashgan 2-sonli temir beton zavodining bir qismi bo‘lgan korxonani ommaviy savdolar orqali sotib oldik va bugungi kunda ushbu ob’ektda asbest quvurlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi natijasida 50 kishining bandligi ta’minlangan, – deydi korxona ish boshqaruvchisi O‘ktam Ashirov.

Shuningdek, OAV vakillari “NAVOIY SIFAT GOLD” MCHJda ham bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Navoiy shahrida joylashgan mazkur korxonada “Shifer mahsulotlari ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshirilib, 50 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari davlat ishtirokidagi korxonalarda iste’molchilarga yo‘naltirilgan zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini jadal joriy etish, tannarxni pasaytirish orqali daromadlarni oshirish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun kengroq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobat muhitini yanada yaxshilash borasida OAV vakillariga ma’lumotlar berdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA