Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat fuqarolik xizmati nazarda tutilgan barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi qat’iy belgilandi.
Ushbu normani yanada mustahkamlash maqsadida Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish ham ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ishga tushirilgan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (https://vacancy.argos.uz/) orqali shu paytacha Samarqand viloyatidagi davlat boshqaruv organlari va tashkilotlarining hududiy boshqarmalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari doirasida 5040 marta ochiq mustaqil tanlovlar tashkil etilgan.
– Bu tanlovlarga 42 ming 900 nafardan ortiq talabgor nomzoddan arizalar kelib tushdi, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali bosh inspektori Sh.Azimov. – Tanlovlarning 4311 tasi bo‘yicha jarayonlar to‘liq yakunlangan va 1887 nafar fuqaro g‘olib bo‘lib, davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilinishi ta’minlagan. bugungi kunda viloyatdagi 45 ta davlat boshqaruv organi va tashkiloti, 17 ta mahalliy davlat hokimiyati organi hamda 1148 ta umumta’lim maktabi mazkur tizimga ulangan.
Ammo davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish, ochiq tanlov o‘tkazish tartibiga rioya etish va boshqa qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan monitoringlarda ochiq mustaqil tanlovlarsiz ishga qabul qilish yoki amaldagi tartibga rioya qilmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Jumladan, bu borada 2020 yilda 26 ta, 2021 yilda 45 ta va 2022 yil 20 fevral kuniga qadar 8 ta o‘rganish va monitoringlar o‘tkazildi. O‘rganishlar natijasida 2020 yilda 14, 2021 yilda 17 va 2022 yilning o‘tgan davrida 8 ta holatda belgilangan talablar buzilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatlarni keltirib chiqaruvchi sabab va sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritilishi natijasida 24 ta buyruq bekor qilindi. Shuningdek, qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan ayrim idora va tashkilot rahbarlari hamda mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rib chiqildi.
G‘.HASANOV, O‘zA