Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat ijrochisi qarzdorning ko‘chmas mulkiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilib, uni undiruvchiga o‘tkazishga haqli bo‘ldi
10:15 / 2026-03-10

2026-yil 5-martda “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov mazkur qonunning muhim jihatlari haqida fikr bildirdi:  

– Mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Yangi qonun bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.  Qonun Prezidentimizning 2025-yil 15-apreldagi “Qarzdorlik hisobiga banklar balansiga olingan mol-mulklar realizatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Ma’lumki, islohotlar jarayonida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishni raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish, sud hujjatlarini ijro etishdan har qanday bo‘yin tovlashning oldini olish, fuqarolarning mol-mulki va pul mablag‘lari daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan edi.  

Xususan, davlatimiz rahbarining 2021-yil 24-iyuldagi “Elektron onlayn-auksionni o‘tkazish tartibini soddalashtirish, uning shaffofligini oshirish hamda ishtirokchilar huquqlarining ishonchli himoyasini kafolatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning, shu jumladan, ustav fondining 50 foizi va undan ortig‘i mazkur yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan tashkilotlarning ulushlari va barcha asosiy vositalari, ya’ni ko‘chmas mulklari, avtomobil va boshqa asosiy vositalar “Ye-auksion” elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinishi belgilangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, banklar balansida juda ko‘p miqdordagi mol-mulklar sotilmasdan harakatsiz holda turgani kuzatilgan. Mazkur mol-mulklar bir necha marta auksion savdosiga chiqarilgan bo‘lsa-da, sotilmasdan qolgan.

Bunga, ya’ni auksion savdosida sotilmagan garovdagi mol-mulklarga nisbatan boshqa turli taqiqlar mavjudligi ushbu mulklarni bank balansiga rasmiylashtirish va keyingi taqdirini hal qilishda qonunchilikda bo‘shliqlar borligi sabab bo‘lgan.  

Shu sababli, mavjud muammolarni bartaraf etish va undiruvchilar huquqlarini ta’minlash maqsadida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 56-moddasini 9-qism bilan to‘ldirildi.  

Unga ko‘ra, ijro hujjatlari asosida auksion savdolarida sotilmagan mol-mulklar undiruvchiga natura shaklda o‘tkazilayotganda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi idoralar tomonidan qo‘yilgan barcha taqiqlar davlat ijrochisining qarori asosida bekor qilinadi. Bunda, davlat ijrochisining qarori mol-mulklarni taqiqlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.  

Shuningdek, mol-mulk bo‘yicha mavjud majburiyatlar uning sobiq egasi – qarzdor zimmasida qolishi, mazkur majburiyatlarni bajarishni undiruvchi ixtiyoriy ravishda o‘z zimmasiga olgan holatlar bundan mustasnoligi bilan bog‘liq norma ham qonundan o‘rin oldi.  

Bundan tashqari, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘chmas mulkka qo‘yilgan taqiq davlat ijrochisining realizatsiya qilinmagan mol-mulkni undiruvchiga topshirish haqidagi dalolatnomasi asosida qabul qilingan qaroriga muvofiq olib tashlanishi belgilandi.  

Aytib o‘tish kerakki, qonunni ishlab chiqishda bir qator ilg‘or davlatlarning qonunchilik tajribasi o‘rganilgan hamda inobatga olingan.

Qonun kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi. Mol-mulkka nisbatan qo‘yilgan ta’minlovchi choralar davlat ijrochisining qarorlari asosida bekor qilinadi. Kredit tashkilotlarining muammoli aktivlar ulushi kamaytiriladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari samarali himoya qilinadi.  

Norgul Abduraimova,

O‘zA