Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bilan bog‘liq o‘rganishlar o‘tkazib borilmoqda. Joriy yilning 9 oyidagi natijalar qanday bo‘ldi? Bu savolga agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova javob berdi:
– O‘rganishlar davomida 788 holatda tanlov o‘tkazish tartibiga amal qilinmagani aniqlandi. 272 nafar fuqaro davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tanlovsiz ishga qabul qilingan hamda 7 holatda kadrlar bo‘yicha rahbarlik lavozimiga nomzod Agentlik bilan kelishilmasdan tayinlangan.
644 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq to‘lashda ularning huquqlari buzilgan. 167 nafar davlat fuqarolik xizmatchisiga mehnat ta’tillarini berishda, 96 nafariga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llashda, 4 nafar xodimni ishdan bo‘shatishda qonunchilik talablariga amal qilinmagan. 1 ming 438 holatda inson resurslarini boshqarishga oid ma’lumotlar va hujjatlar “hrm.argos.uz” elektron platformasi orqali shakllantirilmagan.
O‘rganishlar yuzasidan tegishli idoralarga 178 taqdimnoma kiritildi. 236 ma’muriy taklif berildi. 510 ta yozma ogohlantirish xatlari yuborildi.
Ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida 87 nafar davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq to‘lashda ularning buzilgan huquqlari tiklandi. Noqonuniy qabul qilingan 81 buyruq bekor qilindi. 21 holatda tanlov komissiyasining xulosasi bekor qilindi va tanlov qayta o‘tkazildi.
Faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 101 nafar aybdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Shundan 14 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududiy bosh boshqarmalari bilan hamkorlikda 186 nafar aybdor shaxsga nisbatan 340 million 800 ming so‘m ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Jarayon davom etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA