French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat idoralari chekka hududda yashovchi aholi huzuriga borib xizmat ko‘rsatdi
15:28 / 2021-03-31

Baliqchi tumanida «Fuqarolar davlat organlariga emas, davlat organlari fuqarolarga xizmat qilishi kerak!» shiori ostida «Adliya sayli» huquqiy targ‘ibot va ma’rifat tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Andijon viloyati adliya boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan huquqiy-targ‘ibot tadbirida fuqarolar asosan, huquqiy va o‘zlarini qiynayotgan boshqa turli masalalardagi murojaatlari bilan qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 yanvardagi «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash, qolaversa, «Yuksak huquqiy madaniyat – mamlakat taraqqiyoti kafolati» konseptual g‘oya asosida aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonligini yuksaltirish, huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qo‘llay olishlariga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilgan tadbir davomida fuqarolarga murojaatlari yuzasidan zarur huquqiy maslahat, tavsiya va bilimlar berildi, turli davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

– Huquqiy-demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirishda aholining huquqiy bilimlari, madaniyati yuqori bo‘lishi muhimdir, – deydi Andijon viloyati adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Umidbek Hakimov. 

– Ana shundan kelib chiqib, boshqarmamiz tomonidan fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyatning chekka Baliqchi tumanida tashkil etilgan «Adliya sayli» tadbiri ham ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

«Adliya sayli»da viloyat hokimligi, prokuratura organlari, jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlar, Davlat xizmatlari markazi, Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, FHDYO bo‘limlari, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim boshqarmalari, viloyatdagi qator davlat idoralari mutasaddilari ishtirok etdi.

[gallery-1836]

Yurtimizning olis, chekka hududlarida yashovchi fuqarolarga sifatli huquqiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, fuqarolarning davlat organlaridan rozi bo‘lishlarini ta’minlash maqsadidagi «Adliya sayli» aholida katta qiziqish uyg‘otdi. Eng muhimi, ular o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan tegishli huquqiy tushunchalar oldi.

– Oilaviy sharoitimiz og‘ir, – deydi Turkiston mahallasida yashovchi Nazokatxon Hakimova.

 – bugungi saylda 14 yoshgacha bo‘lgan ikki nafar farzandimga nafaqa olish bo‘yicha murojaat qildim. Mutaxassislar ushbu masalada menga zarur huquqiy maslahat berishdi, qolaversa, mutasaddi idoralar orqali muammoimni hal bo‘lishiga yordam ko‘rsatishdi. Kelgusi oydan farzandlarim uchun nafaqa puli oladigan bo‘ldim.

Tadbirda asosan, fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xususan, tug‘ilganlik haqida guvohnoma, pasport, nafaqa, kredit olish, ishga joylashish, mol-mulkka bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirish, tibbiy xizmatdan foydalanish kabi murojaatlari qabul qilinib, ularga, mutasaddi va mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari, ishtirokchilarga 20 dan ortiq turdagi bukletlar va boshqa targ‘ibot materiallari tarqatildi.

«Adliya sayli» huquqiy targ‘ibot va ma’rifat tadbiri haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Tibbiyot xodimlari tomonidan bepul tibbiy ko‘rik o‘tkazildi, sayyor kitob savdosi yarmarkasi tashkil etildi, mehnat yarmarkasida esa aholi, ayniqsa, ko‘plab yoshlarning bandligi ta’minlandi.

Aholiga normativ hujjatlar mazmun va mohiyatini tushuntirish bilan birga, milliy an’analarni targ‘ib qilish, millatlararo totuvlik mustahkamlash maqsadida rus, uyg‘ur, qirg‘iz milliy madaniy markazlari tomonidan milliy an’analar aks etgan ko‘rgazmalar, shuningdek, trikotaj mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

Mudofaa, Favqulotda vaziyatlar boshqarmalari, «Vatanparvar» tashkiloti xodimlari hamda sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur barchaga xush kayfiyat ulashdi.

                                                                                                                                                                                                                          F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA