Buxoroda “O‘zbekiston – barchamiz uchun yagona Vatan, yagona qalbdir!” shiori ostida Davlat gerbi qabul qilingan kun keng nishonlandi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi favvoralar maydonida tashkil etilgan tadbirda taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, san’at va madaniyat namoyandalari, Mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat hamda shahar bo‘limlari, jamoatchilik vakillari va yoshlar qatnashdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, shuningdek, shahar va tumanlar o‘quv sport texnika klublari tomonidan targ‘ibot avtokarvoni tashkil etildi.
Tantanada so‘zga chiqqanlar, davlat ramzlari vatanparvarlik fazilatini shakllantiruvchi, shu aziz yurtimizni sevishga undovchi muhim vosita ekanligini ta’kidlashdi. Zotan, o‘z qadr-qimmatini, tayanchi va suyanchini anglagan xalq o‘z milliy timsollarini hamisha e’zozlaydi. Ma’naviyati butun xalqni hech qanday kuch o‘zi tanlagan yo‘ldan chalg‘ita olmaydi. Aynan shu ma’noda davlat ramzlari haqida bilim va tasavvurlarga ega bo‘lishimiz bizning mushtarak maqsad sari intilishimizga madad beradi.
Tadbir davomida san’at va madaniyat xodimlarining musiqiy chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, mazkur shior ostida yurtimiz aholisi va mehmonlari ko‘ksiga Davlat gerbi tushirilgan sharaf lentalari taqish hamda Xeshteg ostida Chellenj o‘tkazildi.
Zarif Komilov, O‘zA