Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan AOKAda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat fuqarolik xizmatini tubdan isloh qilishga qaratilgan farmonining mazmun-mohiyati va uning amaliy ijrosini ta’minlash masalalari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanda Agentlik mas’ullari, davlat va nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi.
Davlat fuqarolik xizmatini zamon talablari asosida transformatsiya qilish, samaradorlik va natijadorlikni oshirish, professional kadrlar korpusini shakllantirish maqsadida Prezidentimizning 2025 yil 19 iyunda “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani qayd etildi.
Farmon bilan 2030 yilgacha mo‘ljallangan Davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish strategiyasi, uning maqsadli ko‘rsatkichlari va 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan amaliy chora-tadbirlar qabul qilindi.
[gallery-24063]
Davlat xizmatchilari lavozimlarining davlat reyestri, lavozimlarga tanlov tartiblari, milliy kadrlar zaxirasi, malaka darajalari berish, kasbiy rivojlantirish mexanizmlari joriy etildi.
Agentlik endilikda, ochiq va adolatli tanlovlar asosida eng munosib nomzodlarni davlat xizmatiga qabul qiladi. Davlat xizmatchilari kompetensiyasini diagnostikadan o‘tkazadi. Xorijiy ta’lim va stajirovkalar uchun ehtiyojni aniqlaydi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda maqsadli tayyorgarlikni amalga oshiradi.
Shuningdek, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi davlat xizmatchilari malakasini oshirish, qayta tayyorlash va magistratura ta’limini muvofiqlashtiradi.
2025 yil 1 avgustdan barcha davlat xizmatchilari uchun “Davlat xizmatiga kirish” kursi va har 3 yilda malaka oshirish majburiy bo‘ladi. 2025 yil 1 oktyabrdan xizmat safarlari “Xizmat safari” modulida elektron ro‘yxatdan o‘tkaziladi. 2025 yil 1 sentyabrdan “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi. 2026 yil 1 yanvardan davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi. 2026 yildan “TOP-100” dasturi orqali iqtidorli liderlar aniqlanib, tayyorlanadi.
Inson resurslarini rivojlantirish bo‘linmalari rahbarlari kadrlar siyosati bo‘yicha rahbar maslahatchisi maqomiga ega bo‘ladi. Ular Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda tayinlanadi va attestatsiyadan o‘tadi.
Davlat xizmatchilarining sog‘lom turmush tarziga o‘tish choralari ko‘riladi. Jumladan, har kuni jismoniy faollik tadbirlari tashkil etiladi. Yiliga kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Sog‘lom ovqatlanishni keng joriy etish va zararli mahsulotlarning sotilishini cheklash belgilab qo‘yildi.
2025 yildan korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi. Bu borada Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorlikda ish olib boradi.
Matbuot anjumani yakunlari bo‘yicha jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi. Tadbirda farmonning amaliy natijalarga qaratilgani, uning davlat boshqaruvi tizimida yangi davrni boshlab berishi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O.Pardayev (surat), O‘zA