Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat fuqarolik xizmatiga tanlovlar meritokratiya tamoyili asosida o‘tmoqda
09:53 / 2022-07-28

bugungi kunda aksariyat tashkilotlarda ishga qabul qilish ochiq va mustaqil tanlovlar orqali meritokratiya tamoyiliga asoslangan holda amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 7 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshirilib, tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlari Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyat filiali tomonidan 40 dan ortiq tashkilotlarda ochiq va mustaqil tanlovlar tashkil etish orqali bilimli va intiluvchan shaxslar davlat xizmatiga jalb qilinmoqda.

– Vakant lavozimlarni e’lon qilishdan tortib, tanlov o‘tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo‘lgan jarayonlarni to‘liq Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali - vacancy.argos.uz orqali amalga oshiriladi, – deydi Agentlikning viloyat filiali kadrlar ma’muriyatchiligi bo‘limi bosh inspektori Bekzodjon Iskandarov. – Bu amaliyot ortiqcha byurokratiyadan holi bo‘lgan elektron platforma sifatida faoliyat yuritib, ishga kirmoqchi bo‘lgan shaxslar tashkilotma-tashkilot hujjatlarini ko‘tarib sarson bo‘lib yurmaydi. Turli idoralardan ortiqcha ma’lumotnomalarni olish ham talab etilmaydi. Nomzod haqidagi barcha ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali avtomatik tarzda o‘z arizasida aks etadi.

bugungi kunga qadar viloyatda 4338 ta vakant lavozim bo‘yicha tanlov e’lon qilingan bo‘lib, ularda 29319 nafardan ortiq nomzodlar ishtirok etgan. 1536 ta lavozim bo‘yicha tanlov g‘oliblari topilib, ular bilan mehnat shartnomalari tuzilgan.

Ochiq mustaqil tanlovlarning zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda amaliyotga joriy etilishi esa jarayonlarda inson omilining ishtirokini kamaytirib, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga va tanlovlarning o‘tishida shaffoflikni ta’minlanishga, shu jumladan, nomzodlarning eng munosibi tanlanishiga xizmat qiladi.

Viloyatda ushbu mezon asosida turli sohalarda o‘z ishini topgan yoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.

– Mazkur tanlovda nomzodning bilim darajasi, salohiyat va ko‘nikmasiga katta e’tibor berildi, – deydi viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi hududiy sanoatni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Jamshid G‘afforov. – Ochiq va adolatli test sinovlari barcha sohalarni qamrab olganligi va suhbat jarayonining har tomonlama mukammalligi yangicha kadrlar siyosatining muhim jihati bo‘ldi.

Umidli yoshlardan yana biri Tohir To‘xtayev Navoiy davlat konchilik institutini tugatgan. Biroq oxirgi 3 yilda munosib ish topa olmadi. Internet orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali orqali viloyat uy-joy kommunal boshqarmasining 1-chi toifali mutaxassisi lavozimiga onlayn tarzda o‘z hujjatlarini topshirdi.

– Testlar ham onlayn rejimda maxsus kuzatuv kameralari yordamida mutlaqo shaffof tarzda o‘tkazildi, – deydi Tohir To‘xtayev. – Test yakunida natijalar e’lon qilinib, keyingi bosqich – suhbat jarayoni ham bo‘lib o‘tdi. Unda asosan kasbiy bilim va dunyoqarashni aniqlashga doir savollar berildi. Suhbat xulosasi esa shu kunning o‘zida ma’lum qilindi va ertasi kuni yangi jamoada o‘z ishimni boshladim.

– Tanlovda hech qanday korrupsiyaga yo‘l qo‘yish holati bo‘lmadi, – deydi yosh mutaxassis Mohigul Saidova. – O‘z bilimimga tayangan holda sinovlardan o‘tib, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasining ijtimoiy himoyaga muhtoj va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi etib tayinlandim.

Albatta, amaliyotga joriy qilingan kadrlar tanlashning ushbu yangicha tizimi taraqqiyot barqarorligini ta’minlash barobarida aholining boshqaruv organlariga bo‘lgan qiziqishi va ishonchini yanada mustahkamlaydi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA