Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali (vacancy.argos.uz) orqali ishga qabul qilish qanday amalga oshirilmoqda? Bu savolga agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova javob berdi:
– Portalga 68 davlat organi va tashkilotlari hamda 208 tuman (shahar) hokimliklari, ularning hududiy bo‘linmalari va tizim tashkilotlari ulangan.
Joriy yilning o‘n oyi davomida ushbu tashkilotlardagi mavjud vakant lavozimlarga 30 ming 670 ta tanlov e’lon qilindi. Tanlovlarda ishtirok etish uchun 1 million 50 ming nafar nomzod ariza yubordi. Bitta vakant lavozimga o‘rtacha 34 nafar talabgor to‘g‘ri keldi.
Tanlovlarning 538 tasi hujjat topshirish jarayonida, 2 ming 155 tasi hujjat topshirish muddati tugallanib, test va suhbat o‘tkazish jarayonida, 27 ming 977 tasi bo‘yicha esa tanlov yakuniga yetdi.
Ayni paytda vacancy.argos.uz portalida davlat organlari va tashkilotlaridagi 310 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlariga ochiq tanlovlar e’lon qilingan.
Davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov orqali ishga qabul qilish boshlangandan buyon o‘nga yaqin tashkilot vakant lavozimlar uchun eng ko‘p tanlov tashkil etdi. Bunga Oila va xotin-qizlar hamda Soliq qo‘mitalari, Iqtisodiyot va moliya, Maktabgacha va maktab ta’limi, Qishloq xo‘jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Statistika, Yoshlar ishlari, Ijtimoiy himoya milliy agentliklari kiradi.
O‘tgan davrda tuman (shahar) hokimliklari tizimida 1 ming 781 vakant lavozimga portal orqali e’lon berildi.
Tanlov yakuniga yetgan 27 ming 977 vakant lavozimning 60 foizi malakali xodimlar bilan jamlandi. Qolgan vakant lavozimlarga esa qayta tanlov e’lon qilindi.
Tanlov g‘oliblarining 6 ming 25 nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar, 5 ming 918 nafarini ayollar, 2 ming 723 nafarini davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlar tashkil etdi.
N.Abduraimova,
O‘zA