Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirishda inson omili keskin kamaytirildi
12:27 / 2024-06-28

Milliy matbuot markazida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barchaga teng imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi. Buning uchun Agentlik tomonidan ishga tushirilgan davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali – vacancy.argos.uz faoliyat yuritmoqda.  

Portal orqali joriy yilning o‘tgan davrida 68 vazirlik va idora hamda 208 tuman va shahar hokimliklaridagi mavjud vakant lavozimlar bo‘yicha 24 mingta tanlov e’lon qilindi. Ushbu vakant lavozimlarga jami 730 mingdan ziyod nomzod tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar topshirildi.  

Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p tanlovlar mahalladagi hokim yordamchilariga (3 ming 231 ta), Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida (2 ming 974 ta), Yoshlar ishlari agentligi tizimida (2 ming 484 ta), Prezident huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida (2 ming 311 ta), Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida (1 ming 152 ta) o‘tkazilgan.

[gallery-18040]

Hududlar kesimida eng ko‘p tanlovlar Samarqand (2 ming 854 ta) va Andijon (2 ming 772 ta) viloyatlarida o‘tkazilgan.  

Yakuniga yetgan tanlovlar bo‘yicha 10 ming 33 nafar malakali nomzodlar davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilindi.

Tanlov g‘oliblarining 3 ming 584 nafari 30 yoshgacha bo‘lganlar, 3 ming 529 nafari ayollar, 1 ming 626 nafari davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi.  

Ilg‘or xorijiy tajribalar hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolardan kelib chiqib, Agentlik tomonidan tanlov bosqichlarini doimiy takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan hamkorlikda tajribali ekspertlarni jalb qilgan holda ochiq tanlovlar jarayonida nomzodlarning bilimini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari uchun mo‘ljallangan yagona «Davlat fuqarolik xizmatchisi» test savollari to‘plami ishlab chiqildi.

Test savollari to‘plami milliy qonunchilik, davlat tili, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, mantiq, ya’ni IQ yo‘nalishlarini o‘z ichiga qamrab olgan.  

Test sinovi davomida nomzodga yuqoridagi har bir yo‘nalish bo‘yicha 10 tadan jami 40 ta savol havola etiladi hamda javoblarni belgilash uchun 60 daqiqa vaqt beriladi.  

Savollar to‘plami vazirlik va idoralarning inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari va nomzodlarning takliflari asosida yanada takomiliga yetkazildi.

Shuningdek, testlar to‘plamidagi savollar bosqichma-bosqich vacancy.argos.uz platformasiga joylashtirib borilmoqda. Ayni vaqtda har bir savollar blogidan 20 tagacha bo‘lgan savol portalning «Test savollari» bo‘limiga joylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, testlar to‘plamidagi savollar tarkibi muntazam ravishda yangilab boriladi.  

2023 yil 1 dekabrdan boshlab test sinovi uchun yagona o‘tish bali belgilanadi. Bunda nomzod tomonidan 56 ball to‘plangan taqdirda avtomatik ravishda uning portaldagi shaxsiy kabinetiga tanlovning suhbat bosqichiga o‘tganligi haqidagi xabar keladi.

Endilikda nomzodlar tomonidan test sinovi jarayonida 56 ball to‘plangan taqdirda, ular 3 oy (90 kun) mobaynida tanlovlarning test sinovi bosqichida ishtirok etishi shart emas. Ya’ni test sinoviga kirib, 56 ball to‘plagan nomzod 3 oy davomida shu ball bilan boshqa vakant lavozimlar uchun tanlovlarda ishtirok etishi mumkin. 

Bunda, nomzod hujjatlari malaka talablariga javob bergan taqdirda avtomatik suhbat bosqichiga o‘tganligi yuzasidan xabar oladi. 55 ballgacha to‘plagan nomzod har gal o‘rnatilgan tartibda test sinovida qatnashishi shart.

N.Abduraimova, O‘zA