Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat fuqarolik xizmati: sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqilishi qay darajada muhim?
14:15 / 2020-08-13

Albatta, mazkur tadbirlar vaqt, mablagʻ va resurs talab qiladi.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi tomonidan ayni paytda davlat xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali tashkil etilib, test rejimida ish boshladi, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati lavozimlari reyestri tayyorlanmoqda.

Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallari tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga oid hamda ularda faoliyat koʻrsatayotgan kadrlar maʼlumotlari bazasi shakllantirildi, amaldagi hamda istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritish uchun har tomonlama munosib nomzodlarni saralash ishlari ustida ishlanmoqda.

Sinovdan oʻtgan xorijiy tajriba asosida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishning zamonaviy shakl va mexanizmlarini, shu jumladan, davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini baholashning oʻlchanadigan indikatorlari (eng muhim koʻrsatkichlari) tizimi Respublikaning 11 ta tuman (shahar)larida tajriba sifatida qoʻllanilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida ilmiy va amaliy tajribaga ega boʻlgan, chet ellardagi nufuzli sohalarda ishlayotgan vatandoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb etish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Bunda boʻsh ish oʻrinlari va lavozimlarni egallash uchun ochiq tanlov oʻtkazish amaliyoti Agentlikning tarkibiy boʻlinmalarida eksperement sifatida qoʻllanildi. Milliy kadrlar zaxirasini yaratishda yangicha yondashuv, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining son va sifat tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning axborot bazasini shakllantirish ustida ishlanmoqda.

Xorijiy mamlakatlarda deklaratsiya tizimining mazmun-mohiyati, uning korrupsiyaga qarshi kurashdagi oʻrni, bu tizimini joriy qilish mexanizmlari va tartibi hamda ushbu yoʻnalishda erishilgan natijalarni puxta oʻrgangan holda Oʻzbekistonda ham bu tizimni amaliyotda joriy etish toʻgʻrisida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari shakllantirilmoqda.

Agentlik bundan buyon xodimlarning iqtisodiy va maʼnaviy motivatsiyasi mehnat jamoasi ijtimoiy-psixologik muhitiga taʼsirini monitoring qilish va ularni ijtimoiy-psixologik qoʻllab-quvvatlash jarayonlarida ishtirok etish, istiqbolli kadrlar salohiyatini oshirish uchun rivojlangan xorijiy mamlakatlarga stajirovkaga yuborishni tashkil qilish, davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati samaradorligini fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyatidan qoniqish darajasini baholashning zamonaviy uslublaridan foydalangan holda baholash, shu jumladan, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishlari bilan ham shugʻullanadi.

Iqtidorli va istiqbolli yoshlarni, shu jumladan, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari, oliy oʻquv yurtlari, shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda rivojlangan mamlakatlarning yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalari taʼlim dasturlarida ishtirok etayotgan yoshlarni aniqlash, saralash va tanlashga oid chora-tadbirlar ishlab chiqish, istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash boʻyicha “Taraqqiyot” respublika tanlovini innovatsion usullar asosida tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, tanlov gʻoliblarini munosib lavozimlarga joylashtirishga koʻmaklashish, davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro-huquqiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish Agentlikning oldiga qoʻygan asosiy maqsadlaridandir.

Biz yuqorida davlat fuqarolik xizmatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda amalga oshirilishi zarur boʻlgan dolzarb vazifalarning ayrimlari haqida toʻxtalib oʻtdik. Albatta, mazkur tadbirlar vaqt, mablagʻ va resurs talab qiladi. Eng muhimi esa davlat boshqaruvi sohasini yana-da takomillashtirishda rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish inson omili nuqtayi nazaridan mavqei va egallab turgan lavozimidan qatʼi nazar, har bir davlat xizmatchisidan yuksak masʼuliyat, qatʼiy intizom, daxldorlikni va tashabbuskor boʻlishni talab etadi.

T.Yoqubov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi
Qashqadaryo viloyati filiali rahbari oʻrinbosari