Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat fuqarolik xizmati qonun bilan mustahkamlandi
10:07 / 2022-08-10

Mamlakatimizda deyarli barcha sohalar tubdan o‘zgarib, transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishish yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.

Ushbu Qonunga qanday ehtiyoj bor edi? Xorijiy mamlakatlar tajribasi, davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunlarida xizmatchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, davlat xizmatchilari faoliyatini baholash, davlat xizmatida o‘sish, boshqa davlat lavozimiga o‘tish, mehnatiga haq to‘lash, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish vaqti va mehnat ta’tillari keng tartibga solinganini ko‘rishimiz mumkin.

Bizda esa bugungi kunga qadar Davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasi masalalarini tartibga soluvchi, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatishni umumiy yondashuvini mustahkamlovchi qonun mavjud emas edi. 

Qonunchilik bilan davlat fuqarolik xizmatchilariga belgilangan mezonlar, ularning faoliyatini baholash jarayonlari, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash tartiblari belgilanmagan edi.

Qabul qilingan Qonun esa aynan ushbu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishda, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat siyosati yagonaligini ta’minlashda ayni muddao bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

10 ta bob va 64 ta moddadan iborat Qonun Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi vakolatlar, Davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, Davlat fuqarolik xizmatiga kirish tartibi va shartlari, Davlat fuqarolik xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish kabi normalarni o‘z ichiga olgan.

Ayrimlariga to‘xtalib o‘tsak, Qonunning 19-moddasida Manfaatlar to‘qnashuvi normasi aks ettirilgan.

Ushbu normada, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik  xizmatchisi o‘zining rahbariga yoki yuqori turuvchi davlat organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerakligi va manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan davlat organining rahbari esa ushbu to‘qnashuvni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shartligi belgilab qo‘yildi.

Qonunda Davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari bilan birgalikda uning javobgarligi ham alohida normada aks ettirilgan. 14-moddaga asosan, Davlat fuqarolik xizmatchisining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni davlat organi tomonidan qoplanishi va ushbu zarar keyinchalik aybdor bo‘lgan davlat fuqarolik xizmatchisidan undirib olinishi ko‘rsatilgan.

Agar, Davlat organi rahbarining yoki mansabdor shaxslarning qonunga xilof topshirig‘ini bajarish natijasida davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan zarar yetkazilgan bo‘lsa, uning o‘rni davlat organi tomonidan qoplanadi. Keyinchalik zarar miqdori qonunga xilof topshiriqni bergan davlat organi rahbari yoki mansabdor shaxsidan regress tartibida undirilishi belgilab berilgan.

Qonunda Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq bir qator cheklovlarning ham kiritilganligini ko‘rish mumkin. Jumladan, yaqin qarindoshlikda bevosita bo‘ysunuv ostidagi lavozimni egallashga, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, o‘z xizmat vakolatlarini bajarish yoki bajarmaslik evaziga fuqarolardan biron-bir mukofot yoki sovg‘alar olishga, chet davlat fuqaroligini olishga, O‘zbekistondan tashqarida hisob varaqlar ochishga, ko‘chmas mulkka egalik qilishga, shuningdek, hujjat bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxslarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda ham cheklovlar o‘rnatilgan.

Albatta, biz deputatlar ham ushbu Qonunni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda uning mazmun-mohiyatini o‘z saylovchilarimiz orasida targ‘ib qilish va davlat organlari bilan hamkorlikdagi ishlarni bundan-da kuchaytirishni o‘z oldimizga maqsad qilib oldik.


Hamza Ro‘ziyev, 

“Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari, 

xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati. 

O‘zA