Ma’lumki, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, respublika hududida rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa xil faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda ob’ektini ro‘yobga chiqarish mumkinligini aniqlash majburiy hisoblanadi.
Tegishli tashkilotlarda davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishni tashkil etish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida “Davlat ekologik ekspertizasi markazi” davlat muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Xo‘sh, Davlat ekologik ekspertizasi markazining vazifalari nimalardan iborat?
Davlat ekologik ekspertizasi markazi axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramovaning ma’lum qilishicha, Davlat ekologik ekspertizasi — mo‘ljallanayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini va ekologik ekspertiza ob’ektini realizatsiya qilish mumkinligi yoki mumkin emasligini aniqlash maqsadida ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan o‘tkaziladigan ekologik ekspertiza turi hisoblanadi.
Qayd etilishicha, joriy yil davomida atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish markazining (www.eco-service.uz) veb-sayti orqali elektron hujjat almashinuvi tizimi ishga tushirilgan. Respublika hududida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha I dan IV toifaga mansub jami 20 mingdan ortiq ob’ekt bo‘yicha ekologik ekspertiza xulosalari berilgan.
Ekologik baholash materiallari bo‘yicha 400 dan ortiq jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilgan hamda 14 ta ob’ekt Ekspertlar kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, xulosalar bekor qilingan.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunlar ijrosini ta’minlash maqsadida ekologik auditi o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, mazkur ishlarni tartibga soluvchi ekologik auditorlarni tayyorlash reglamenti ham tasdiqlab qo‘yilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Davlat ekologik ekspertizasi amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilgan. Tegishli ro‘yxatga ko‘ra, 143 ta faoliyat turi davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkaziladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA