Energetika sohasini barqaror rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash masalalari yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, atom elektr stansiyasi qurilishi kabi strategik ahamiyatga ega tashabbuslar atrof-muhitga ta’sirini chuqur o‘rganish va davlat ekologik ekspertizasidan puxta o‘tkazishni talab qiladi. Shu maqsadda Davlat ekologik ekspertiza markazida navbatdagi ishchi yig‘ilish tashkil etildi.

Tadbirda “O‘zatom” agentligi hamda atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi vakillari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida loyiha hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishda inobatga olinishi lozim bo‘lgan dolzarb ishchi masalalar muhokama qilindi.

Markaz mutaxassislari taqdim etilayotgan materiallarni tayyorlash va rasmiylashtirishning ayrim jihatlariga e’tibor qaratib, ularning to‘liqligi, asoslanganligi hamda belgilangan talablarga muvofiqligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, taqdim etilayotgan hujjatlar sifatini oshirish, hisob-kitoblarni aniqlashtirish va ayrim bo‘limlarni yanada batafsil ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Yig‘ilish ishtirokchilari loyiha buyurtmachisi hamda ekspert organi o‘rtasida konstruktiv hamkorlikning muhimligini qayd etib, bu davlat ekologik ekspertizasidan sifatli va o‘z vaqtida o‘tishni ta’minlashda muhim omil ekanini aytib o‘tdi.
Ishchi uchrashuv ishbilarmonlik va konstruktiv ruhda o‘tdi hamda amaldagi ekologik me’yor va standartlarni inobatga olgan holda ekspertiza jarayonlarini takomillashtirishga qaratildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA