Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat ehtiyojmand fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash kafolatini o‘z zimmasiga olmoqda
19:20 / 2022-07-27

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori, yuridik fanlar doktori Sherzod Zulfiqorov bilan suhbat         

 Sherzod aka, e’tibor qaratadigan bo‘lsak, konstitutsiya loyhasiga fuqarolarimizdan kelayotgan takliflarning aksariyati insonlarning huquq va erkinliklarini atroflicha tartibga solishga qaratilganini ko‘ramiz. Bu konstitutsiya loyihasida insonlarning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas huquq sifatida mustahkamlanmaganini ko‘rsatmaydimi?

– To‘g‘ri, amalda bo‘lgan konstitutsiyamizda, insonlarning asosiy huquq va erkinliklari, burchlari hamda kafolatlari belgilangan, ammo ba’zi huquq va erkinliklar hozirgi davr nuqtai nazardan atroflicha tartibga solinmagan. Shu vaqtgacha, aholimizni qiynab kelayotgan uy-joyga ega bo‘lish, asossiz o‘z mulkidan mahrum qilish kabi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida ham yangi konstitutsiyaviy qoidalar kiritilmoqda. Misol tariqasida, hozirda konstitutsiya loyihasining 39-moddasiga kiritilayotgan yangi qoida bo‘yicha davlat ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam ta’minlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlash kafolatini o‘z zimmasiga olayapti. Bu yangi qoida ko‘plab uy-joyga muhtoj aholi muamolarining yechimini topishiga konstitutsiyaviy kafolat berish bilan birga, mazkur tizim ijtimoiy davlatning muhim vazifasi ekanligidan ham dalolat beradi. Amaldagi konstitutsiyamizda ijtimoiy himoyalash sohasi asosan umumiy tarzdagina mustahkamlab qo‘yilgan. 

Bundan tashqari, konstitutsiya loyihasiga kiritilayotgan 53-1 moddada, aholimizning juda ko‘plab  noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgan snos masalalarining konstitutsiyaviy yechimi belgilab qo‘yilmoqda. Ya’ni, hech bir shaxs o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni jamoat ehtiyojlari uchun  majburiy ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning o‘rnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan olib qo‘yilishi mumkinligi belgilanmoqda. Demak, sud qarorigina shaxsni mol-mulkidan mahrum qilishiga asos bo‘lishi, shuningdek, agarda jamoat ehtiyojlari uchun, deylik, fuqaroning uy-joyi buziladigan bo‘lsa, so‘zsiz birinchi navbatda uy egasiga yetkaziladigan moddiy zarar to‘liq qoplangandan keyingina buzilishi mumkin. Mazkur misollardan ham ko‘rib turibmizki, konstitutsiya inson huquqini himoyalashga bevosita  kafil bo‘lmoqda.

Chet davlatlarning bu boradagi tajribalari to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

Insonlarning hayotida shaxsiy daxlsizlik, axborot olish, ta’lim olish, mulkdor bo‘lish, mehnat qilish, tibbiy xizmatdan foydalanish huquqlari ajralmas huquq sifatida doimo ular bilan yonma-yon yuradi. Xorijiy malakatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Germaniya, Rossiya, Belarus, Turkiya davlatlari konstitutsiyalarida xususiy ta’lim olishning davlat tomonidan kafolatlanishi, har bir fuqaro tanlov asosida davlat oliy ta’lim muassaslarida bepul ta’lim olish huquqi, zamonaviy fan va ta’lim metodlari davlat tomonidan nazoratga olinishi kabi qoidalar qat’iy belgilangan. Yoki Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston, Yaponiya davlatlari konstitutsiyalarida har bir inson xavfsiz va gigiyena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlarida ishlashi, bolalar mehnatidan foydalanish taqiqlanishi, majburiy mehnat bo‘yicha haq to‘lanishi kabi qoidalar konstitutsiya darajasida mustahkamlab qo‘yilgan. Bu kabi misollarni boshqa huquq turlarida ham aytib o‘tish mumkin

Konstitutsiyada inson va fuqarolarga tegishli yangi huquqlarni kafolatlashga zarurat bor, deb o‘ylaysizmi? 

– Inson huquq va erkinliklarining rivojlanish bosqichlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, uchinchi bosqich sifatida insonlarning tinch yashash, toza atrof-muhitga egalik qilish, zamonaviy axborot ma’lumotlaridan foydalanish, xavfsiz yashash kabi huquqlarini konstitutsiya darajasida mustahkamlash zarurati yuzaga keldi. Shu maqsadda yigirma birinchi asrda qabul qilingan ko‘plab davlat konstitutsiyalarida mazkur huquqlarni mustahkamlash birinchi o‘ringa chiqdi hamda bosqichma-bosqich mazkur huquqlar mustahkamlab qo‘yilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasida ham inson va fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huqulariga kafolat berilgan, ammo 30 yil davr oralig‘ida mazkur huquqlarni zamonaviy konstitutsiyanalizm darajadasida yanada takomillashtirish jarayonlari amalga oshirilmadi. Hozirgi kunga qadar Konstitutsiyamizga 16 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, konstitutsiyaning 32-moddasidagi jamoatchilik nazorati bilan bog‘liq o‘zgartirishni hisobga olmaganda, boshqa yangi qoidalar kiritilmagan.

1776 yilda qabul qilingan Amerika mustaqillik deklaratsiyasida aytiladiki, hamma insonlar huquqlarda teng bo‘lib tug‘iladi, yaratgan tomonidan berilgan yashash, erkinlik, baxt sari intilish kabi huquqlar ajralmas huquqlardir. Qolaversa, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”da ham, ҳамма odamlar o‘z qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladilar, deb belgilab qo‘yilgan. Demak, inson va fuqarolarga tegishli  yangi huquqlarni kafolatlashga so‘zsiz ehtiyoj bor. Shu orqali aholining ko‘plab hayotiy muammolari o‘zining huquqiy yechimini topadi.

Xulosa o‘rnida nima deya olasiz?

– Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, hozirgi kunda dunyoda 100 dan ortiq inson va fuqaroga oid huquqlar tan olingan bo‘lsa, bizning konstitutsiyamizda bor-yug‘i 55 ta huquq turlari belgilab qo‘yilgan. Demak, yangi huquqlarni konstitutsiyada ifodalashga so‘zsiz zarurat bor. Bu bevosita aholining hayotiy huquqlarini amalga oshirishdagi muammolarning oldini oladi va bartaraf etadi.  Ta’kidlash joizki, инсон va fuqarolarga taalluqli bo‘lgan huquqlar sirasi kengayib boraveradi, chunki dunyodagi global o‘zgarishlar, yangi munosabatlar shakllanishi orqali yangi huquqlarga ham chorlov bo‘laveradi. Shu maqsadda, konstitutsiyada mazkur inson va fuqarolarning hayotdagi ajralmas huquqlarini doimo huquqiy jihatdan kafolatlab borishimiz zarur. 

Oydin YO‘LDOSHEVA suhbatlashdi