Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat dasturining bajarilishi jamoatchilik nazoratida
12:06 / 2020-10-17

“Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari, siyosiy partiyalar, qurilish tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.


Nukusda davlatimiz rahbarining joriy yil 10-yanvardagi «2020 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Davlat dasturining tegishli bandlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlim vazirligiga qarashli umumtaʼlim maktablarida bajarilishiga bagʻishlangan majlis boʻlib oʻtdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari, siyosiy partiyalar, qurilish tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimizning 2019-yil 17-yanvardagi «2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida jamoatchilik nazorati asosida har yilgi rejalashtirilgan, shu jumladan, Davlat dasturida nazarda tutilgan islohotlarning amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish va uning natijalarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tahliliy axborot va takliflarni muntazam kiritish “Yuksalish” umummilliy harakatining asosiy vazifasi etib belgilandi.

Shu asosida Oʻzbekiston Respublikasi “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi qonunining 6-moddasiga muvofiq joriy yilda Davlat dasturiga kiritilgan va topshirish muddati kechiktirilayotgan Nukus shahar Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 26 va 37, Taxiatosh tumani Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 12 va 13-umumtaʼlim maktablarining bugungi holati oʻrganilib, Xalq taʼlimi va qurilish tashkilotlari rahbarlarining bu boradagi hisobatini jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10-yanvardagi “2020-2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy ishlab chiqarish infratuzulmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida vazirlikka qarashli 18 ta obyekt kiritilib, shundan bittasida yangi qurilish, 12 tasida rekonstruksiya va 5 tasida kapital taʼmirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Buning uchun 34 milliard 469,2 million soʻm mablagʻ ajratilib, bugungi kungacha 33 milliard 88,8 million soʻmlik ish bajarildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 4-apreldagi yigʻilishi bayoni asosida Orolboʻyida jami 14 obyektda, shundan, 6 tasida rekonstruksiya, 8 tasida kapital taʼmirlash ishlarini joriy yilning 1-noyabriga toʻla yakunlash nazarda tutilgan.

Yuqorida qayd etilgan maktablarda amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarining sifati va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar slayd orqali tadbir ishtirokchilariga namoyish etildi. Tegishli soha rahbarlari ushbu kamchiliklarning sabablari va uni bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.

Har qanday qurilish ishi boshlanmasdan oldin ushbu hududdagi fuqarolar yigʻinlari raislari rahbarligida deputatlar, jamoatchilik vakillari loyihalar bilan yaqindan tanishib, quruvchilar bilan mulohazalar oʻtkazilib, topshirilish muddati va rejalari nazoratga olinib borilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Ayrim joylarda jamoatchilik nazorati yoʻlga qoʻyilmaganligi sabab, qurilish ishlari sifatsiz, belgilangan muddatidan kechiktirilib bajarilmoqda. Buni yuqorida qayd etilgan toʻrtta umumtaʼlim maktabi misolida koʻrish mumkin.

–Asosiy maqsadimiz, Davlat dasturiga kiritilgan ijtimoiy soha obyektlaridagi qurilish ishlarining bajarilishini jamoatchilik nazorati asosida oʻrganish, shu orqali yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni bartaraf etishdan iborat, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasi raisi Tajibay Romanov. – Kelgusida boshqa sohalarda ham mana shunday jamoatchilik eshituvi har oyda ikki marotaba tashkil etiladi va natijasi boʻyicha yuqori turuvchi organlar xabardor qilib boriladi.

Tadbirda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilandi.