Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil o‘tgan to‘qqiz oyi yakuni bo‘yicha bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisoboti muhokama qilindi.
Majlisda kun tartibidagi masala bo‘yicha iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qildi:
— Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalar xalqimizning turmush farovonligini oshirish, munosib hayot, ish va daromadga ega bo‘lishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Davlat dasturi ijrosini tizimli va barvaqt tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasida Dastur bandlarining ijrosini har oyda tahlil qilish, tanqidiy muhokama qilib borish amaliyoti joriy etildi. Davlat dasturining jami 607 ta yaxlit va kichik bandlarida nazarda tutilgan topshiriqlardan 337 tasining ijro muddati 2022 yilning fevral-sentyabr oylari etib belgilangan. Shundan 233 ta band va kichik bandlar to‘liq bajarildi, 16 tasining ijro muddati uzaytirildi. Qolgan bandlar ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan tegishli hujjat loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.
2022 yilning 9 oyida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,8 foizni tashkil qildi. Hokim yordamchilari ko‘magida mahallalarni o‘rganish va tahlil qilish natijasida uni o‘rta va qisqa muddatda rivojlantirish bo‘yicha har bir hudud uchun alohida “Yo‘l xarita”lari tasdiqlandi. Ularda belgilangan vazifalarning ijro etilishi natijasida 1,9 million fuqaroning bandligi ta’minlandi, 341 ming nafar fuqaroga ijara asosida yer ajratildi, 267 mingta loyihaga 6,4 trillion so‘m imtiyozli kredit va 35 mingdan ortiq ishsizlarga 112 milliard so‘m subsidiya ajratildi.
2022-2023 yillar uchun mo‘ljallangan manzilli ro‘yxatga asosan renovatsiya va rekonstruksiya qilinishi lozim bo‘lgan jami 268 ta ko‘p kvartirali uylardan 49 tasi renovatsiya va rekonstruksiya qilinib, shahar va tumanlarda eskirgan uylar o‘rniga zamonaviy uy-joylar barpo etildi. 540 dan ziyod oilalarning turmush sharoiti yaxshilanishiga erishildi. Hisobot davrida 83,3 trillion so‘m ijtimoiy sohaga yo‘naltirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga ko‘p.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Soliqlar kamaytirildi, bojxona tartiblari soddalashtirildi, axborot tizimlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 37,7 ming loyiha “Ochiq byudjet” portali doirasida g‘olib deb topilib, 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.
Turizm — iqtisodiyotning asosiy drayveri. Bu yo‘nalishda 139 ta mehmonxona va xostellar, 181 ta turistik firmalar tashkil etildi. 7 milliondan ortiq mahalliy aholining yurtimiz bo‘ylab ichki sayohati tashkil etildi, — dedi vazir o‘z ma’ruzasida.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ijobiy ishlarni e’tirof etib, ayrim bandlarning bajarilishi kechikayotganini tanqid ostiga oldi. Xususan, tibbiyot, ta’lim, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari va aholi punktlarini suv bilan ta’minlash masalasidagi amaliy chora-tadbirlar bilan qiziqdilar.
Deputat Kozim Tojiyev boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi joriy etilgani, buning uchun oshxonalarni xatlovdan o‘tkazish vazifasi belgilanganini ta’kidlab, bu boradagi vazifalar ijrosi qay darajada ekani bilan qiziqdi.
— Xalq ta’limi tizimini rivojlantirishning 5 yillik dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlandi — dedi xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov savolga javob berar ekan. — bugungi kunda 10 ming 100 dan ortiq umumta’lim maktabi bor. Ularning 3 mingdan ortig‘ida oshxonaning o‘zi mavjud emas. Bu yil boshlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish tizimi belgilangan muddatdan oldin joriy etildi. Keyinchalik boshqa hududlarda ham bu jarayon tashkil etiladi. bugungi kunda bepul ovqatlantirish tizimini joriy etish bilan birga, autsorsing tizimi ustida ham ish olib borilmoqda.
Shuningdek, majlisda hisobot yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari ham o‘z nuqtai nazarlarini bildirdi. Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari hisobot davrida 69,3 mingdan ziyod yangi savdo va servis ob’ektlari ishga tushirilgani, 6,1 trillion so‘mlik 41 ta yirik savdo markazi, 377 milliard so‘mlik 15 ta hududiy logistika markazlari, yirik tuman (shahar)lar hamda chegaraoldi hududlarda zamonaviy savdo markazlari, 254 ta markaziy ko‘chalarda 10,4 mingta yangi savdo-servis ob’ektlarini tashkil etish choralari ko‘rilayotganini e’tirof etdi.
O‘zMTDP fraksiyasi a’zolari esa ta’lim-tarbiya jarayonlaridagi dasturiy chora-tadbirlarni e’tirof etib, o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi. Hisobot davrida 2022-2023 o‘quv yili uchun 296 nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblari yaratilganini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiya a’zolari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug‘urtalash amaliyotini joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zolari esa keyingi yillarda hududlardagi ijtimoiy masalalarni samarali hal etish, ijtimoiy sohaning barqarorligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlam vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Xayrullo G‘afforov ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlarga alohida to‘xtaldi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning bahor mavsumida jami 126,4 million mevali hamda manzarali daraxt va butalarning ko‘chatlari ekilgani, kuz mavsumida yana 75 million ko‘chat hamda qalamchalar ekish rejalashtirilganini e’tirof etdi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng Vazirlar Mahkamasining Davlat dasturining 9 oylik ijrosi yuzasidan taqdim etgan hisoboti ma’qullanib, Hukumatning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA