O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonini ahamiyati, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan tarixiy hujjatlardan biri, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Farmonda beshta yo‘nalishdan iborat 100 ta maqsad, 312 ta band, 709 ta vazifani o‘z ichiga olgan amaliy tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Jumladan, “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlangan birinchi yo‘nalish bo‘yicha 44 ta maqsad, Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash bo‘yicha ikkinchi yo‘nalishda 17 ta maqsad, uchinchi - suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida 12 ta maqsad, Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish bo‘yicha beshinchi yo‘nalishida 16 ta maqsad va “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yo‘nalishida 11 ta maqsadni amalga oshirish yuzasidan qator vazifalar belgilangan.
Davlatimiz rahbarining farmoni bilan tasdiqlangan 2024-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyati hokimining tegishli qarori bilan viloyat hududiy dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlandi.
Andijon viloyati hududiy dasturining amaliy tadbirlar rejasi 5 ta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha 57 ta maqsad, 125 ta band, 325 ta vazifa qamrab olingan.
Ta’kidlash joizki, viloyat hududiy dasturida ta’lim tizimidagi islohotlarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, viloyat dasturida 2024-yilda bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’limga qamrov darajasini 83,6 foizga yetkazish, joriy yilda 10 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini foydalanishga topshirish hisobiga 490 nafar bolani maktabgacha ta’limga jalb etish, shuningdek, davlat xususiy sherikchiligi asosida 675 o‘rinli 5 ta, 15 ming 850 o‘rinli oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini barpo etish, 100 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini kompyuter sinflari bilan ta’minlash uchun jami 57,8 milliard so‘m miqdorida byudjet mablag‘larini yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, joriy yilda viloyatda umumiy o‘rta ta’lim tizimida 15 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratish, yangi maktablar qurilishi uchun 30,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi yosh avlodning puxta va sifatli ta’lim olishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan e’tiborning bir namunasidir.
Prezidentimiz farmonida belgilangan vazifalar hamda farmon ijrosi doirasida viloyatda belgilangan rejalar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshiriladi.
Shuningdek, farmonda fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, “Yuksalish” harakati va “Taraqqiyot” strategiyasi markaziga “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy tadbirlar rejalarining bajarilishini maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi bo‘yicha jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tizimli monitoring olib borish vazifasi yuklatilgan. Ana shu vazifani amalga oshirish uchun Harakat mutaxassis va xodimlari tomonidan zarur barcha ishlar olib boriladi.
Ishonch bilan ayta olamanki, davlat idoralari, mutasaddi tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda islohotlarga befarq bo‘lmagan fuqarolar birlashib, hamjihatlikda davlat va hududiy dasturlarda belgilangan maqsad-vazifalarni o‘z vaqtida, samarali amalga oshirish uchun barcha imkoniyat ishga solinadi. Bir so‘z bilan aytganda, har bir tashkilot yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shadi.
Diyorbek Turg‘unov,
“Yuksalish” harakati Andijon viloyati
hududiy bo‘linmasi rahbari.
O‘zA