Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat dasturi: strategik maqsadlar aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli
09:36 / 2026-02-24

Joriy yilning 16-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmon avvalgi yillarda qabul qilingan Davlat dasturlaridan mazmunan va shaklan o‘zgacha bo‘lib, ilg‘or xorijiy tajriba hamda mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqildi.  Davlat rahbarining Oliy majlis hamda O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan sohalarga doir beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha tashabbuslarni qamrab olgan alohida islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturidir. 

Dasturda eng asosiy e’tibor mahallalarga yangi O‘zbekiston ruhini va zamonaviy qiyofasini olib kirishga qaratilgan. Shu bilan birga, iqtisodiyotni texnologiya va innovatsiyalarga asoslangan yangi o‘sish bosqichiga olib chiqish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish ham muhim vazifa sifatida belgilangan. Zamonaviy kasblarni rivojlantirish va mehnat bozorini yangi sharoitlarga mos ravishda shakllantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi. 

Bundan tashqari, ekologik muvozanatni saqlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirishga alohida ahamiyat berilgan. Ushbu yo‘nalishlar mamlakat taraqqiyotining barcha muhim sohalarini qamrab olib, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan izchil hamda o‘zaro bog‘liq chora-tadbirlar tizimini ifoda etadi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida 337 ta banddan iborat aniq amaliy chora-tadbirlar aks etgan. Shu bilan birga, 2026-yil davomida sohalar kesimida 59 ta muhim normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Bu esa davlat siyosati barcha sohalarda tizimli, huquqiy asoslangan va ochiq tarzda amalga oshirilishini ta’minlaydi.

 Mahallalarda sanoat va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ichki iqtisodiy faollikni kuchaytirish muhim vazifa sifatida belgilandi. 

Shuningdek, mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, jamg‘armalar mablag‘larini oshirish va ulardan samarali foydalanish mexanizmlarini joriy etish orqali hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish ko‘zda tutilgan. 

Xususan, mahalla hududida ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini tashkil etish uchun kredit mablag‘larini ajratishga jami 5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda kredit foizining milliy valyutada 10 foizgacha, xorijiy valyutada 4 foizgacha bo‘lgan qismi qoplab berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Buning natijasida esa 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushiriladi hamda mahallalarda qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish uchun 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zlangan.

Bundan tashqari, raqamli platformalar orqali aholi muammolarini “xonadonbay” o‘rganish va ularni onlayn nazorat qilish tizimi joriy etilishi davlat organlari mas’uliyatini oshiradi va murojaatlarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlaydi.

Umuman olganda, mazkur islohotlar mahallani jamiyat taraqqiyotining tayanch bo‘g‘iniga aylantirib, fuqarolarning ijtimoiy faolligi, iqtisodiy barqarorligi va turmush sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Jamiyatda birdamlikni ta’minlash orqali uni yuksaltirish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, sud-huquq tizimini xalqaro standartlarga mos ravishda modernizatsiya qilish hamda jamiyatda birdamlik va faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholi uchun qulayliklarni yanada kengaytirish, sudlar faoliyatiga xalqaro andozalarga mos yangi institutlarni joriy etish orqali odil sudlov sifatini yanada oshirish belgilangan bo‘lib, xalq vakillari hay’ati instituti joriy etilib, “xabeas korpus” mexanizmlari doirasida tergov sudyalarining vakolatlari kengaytiriladi. Shuningdek, himoya instituti mustahkamlanib, advokatlarning jinoyat protsessidagi huquqlari sezilarli darajada oshiriladi.

Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik kabi jamiyat oldida turgan dolzarb muammolarga qarshi kurashish bo‘yicha samarali ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bunda 14 yoshga to‘lmagan shaxslarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy va zo‘ravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilishni prokuratura organlari vakolatiga o‘tkazish belgilangan. Buning natijasida esa jamiyatda “zo‘ravonlikka toqatsizlik” tamoyiliijtimoiy me’yor sifatida shakllantiriladi.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida 2026-yil davomida komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat yo‘nalishida mas’ul o‘rinbosarlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ularning samarali ishlashini ta’minlash uchun zarur tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan. 

Shuningdek, majburiy ijro organlari faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ijro hujjatlari undiruvini inson omilisiz amalga oshirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Xulosa qilib aytganda mazkur dastur davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlarni joriy etish, inson huquqlarini ishonchli himoya qilish hamda jamiyatda faollik va birdamlikni kuchaytirishga qaratilgan kompleks islohotlarni qamrab oladi. Ushbu chora-tadbirlar orqali davlat organlari faoliyatining shaffofligi va samaradorligi oshirilib, adolatli, huquqiy va barqaror jamiyatni shakllantirishga mustahkam zamin yaratiladi.                                               

Inobat HAKIMOVA, 

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi 

bosh mutaxassisi.

O‘zA