Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalari muhokamasi kun tartibiga qo‘yilgan.
Majlis avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov ayni kunlarda mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili" davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinayotganiga to‘xtaldi.
Ushbu daturilamal hujjatni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tashabbuslar bildirilayotgani, jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, fraksiya va qo‘mitalar vakillari ham davlat dasturi loyihasi muhokamalarida ishtirok etayotganini ta’kidladi.
— Davlat dasturi loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida ham ko‘rib chiqilib, ular o‘zlarining takliflarini ishlab chiqmoqda. 22 yanvarga qadar jamoatchilik muhokamasi davom etadi. Shu paytgacha palatamizda davlat dasturlarining ijrosi har chorakda eshitilgan. Endi yangi Konstitutsiyamiz talablaridan kelib chiqib, yilda ikki marotaba davlat dasturi ijrosi bo‘yicha hukumat hisobotini eshitamiz. Parlament shu asosda dastur ijrosini ta’minlashda ishtirok etib boradi, — dedi Spiker.
Majlisda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari ham so‘z olib, 2025 yilgi davlat dasturida ko‘zda tutilgan maqsadlar, uning mazmuni va ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi yetakchisi, fraksiya rahbari Abdushukur Hamzayev 2025 yil ekologiyaga bag‘ishlangan yil bo‘lgani va davlat dasturida 100 ta maqsad, 300 dan ortiq chora-tadbirlarning aks etgani, ular orasida Ekopartiya tomonidan taklif etilgan maqsadlar o‘rin olgani quvonarli ekanini qayd etdi:
— Ayniqsa, yomg‘ir suvlaridan foydalanish bo‘yicha takliflarimiz, atmosfera havosini buzuvchi, turli hid va zaharli moddalarni chiqaruvchi korxonalarni qurishga ruxsat bermaslik, yashil transportda harakatlanishni rag‘batlantirish, plastik mahsulotlarni kamaytirish, Orol muammosi bo‘yicha hamda chiqindilar bilan bog‘liq takliflarimiz inobatga olinganini alohida e’tirof etish lozim. Bu partiya vakillarini quvontirish bilan birga, yelkamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi.
Davlat dasturini takomillashtirish, takliflar berish borasida hududiy kengashlarimiz, deputatlarimiz bilan muhokamalar o‘tkazilmoqda. Davlat dasturining joylardagi ijrosi yuzasidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini olib borishga alohida e’tibor qaratamiz, — dedi Ekopartiya yetakchisi.
Shuningdek, majlisda qolgan to‘rtta partiya fraksiyasi rahbarlari ham so‘z olib, davlat dasturi loyihasiga partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda o‘z munosabatini bildirdi. Partiyalar tomonidan berilgan takliflar loyihada eks etganini e’tirof etdilar. Dastur loyihasini yanada takomillashtirish va kelgusida ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishlarini ta’kidladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA