Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat dasturi loyihasi talabalar ishtirokida muhokama qilindi
17:50 / 2021-01-25

Shu kunlarda 2021 yilga mo‘ljallangan «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturi loyihasining umumxalq muhokamasi o‘tkazilmoqda.

Davlat dasturi loyihasi jami 276 banddan iborat bo‘lib, mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy g‘oya va takliflar hamda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqilgan.

25 yanvar kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tashabbusi bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘magida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» davlat dasturi loyihasining oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirokidagi muhokamasiga bag‘ishlangan onlayn-seminar o‘tkazildi.

Videokonferens-aloqa shaklidagi mazkur anjumanda respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalaridan 5000 nafardan ortiq talabalar va ustozlar ishtirok etishdi.

Onlayn seminarni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov kirish so‘zi ochib berib, 2021 yilgi davlat dasturi loyihasining muhim jihatlari, xususan, unda belgilanayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar, dastur loyihasini umumxalq muhokamasidan o‘tkazish jarayonidagi yangiliklar va ma’lumotlar haqida yig‘ilganlarni batafsil tanishtirib o‘tdi hamda barchani muhokamalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

E’tirof etilganidek, ayni vaqtga qadar davlat dasturi loyihasiga 2400ga yaqin taklif-mulohazalar kelib tushgan bo‘lib, ularning eng ko‘pi, ya’ni 800 ga yaqini birinchi – Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yichadir. Shuningdek, to‘rtinchi – ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha 700 ga yaqin, uchinchi – iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha 400 dan ortiq, ikkinchi – Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha 300 ga yaqin, beshinchi – Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, shuningdek, vazmin, o‘zaro foydali va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha 100 dan ortiq takliflar kelib tushgan.

Yuqoridagilardan ham ko‘rinib turibdiki, hamyurtlarimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar taqdiriga befarq emaslar.

Onlayn-seminar yakunida oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va talabalari ham bu jarayonlarda o‘z faolliklarini yanada oshirishlari ta’kidlandi.

 

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi Axborot xizmati