Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat dasturi ijrosi yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
15:54 / 2025-09-27

“Yuksalish” harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosi yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.

Unda dastlab Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari – oila va va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova Strategiyaning viloyatda xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash hamda ta’lim muassasalari, mahallalar, mehnat jamoalarida “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan belgilangan vazifalar asosida viloyat hokimligining, shu jumladan, oila va xotin-qizlar boshqarmasining alohida dasturlari ishlab chiqilgan.

2025 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasining 25-maqsadida “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlash”ga qaratilgan vazifalar belgilab berilgan.

Ushbu yo‘nalishda bevosita oila va xotin-qizlar qo‘mitasi nazorati ostida 7 ta topshiriq mavjud bo‘lib, ularning 4 tasida viloyatlar hokimliklarining hamkorlikdagi dasturlari nazarda tutilgan.

– 2025 yil davomida 7 ming 585 nafar xotin-qizni kasbga va 7 ming 32 nafarini tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish hamda 11 ming 989 nafarining bandligini ta’minlashga qaratilgan aniq rejalar belgilab olingan, – deydi M.Mamadiyarova. – Joriy yilning 3-chorak yakunlari bo‘yicha hududlarda ishsiz va daromad topish istagidagi 5 ming 367 nafar xotin-qiz 24 turdagi kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilib, belgilangan vazifalar 62 foizga bajarilgan. Shuningdek, yanvar-avgust oylari davomida 307 marotaba mehnat yarmarkalari tashkil qilinib, ularda 4 ming 152 ta tashkilot va korxonalar o‘zlarining 13 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. O‘tkazilgan yarmarkalarda 1542 nafar xotin-qizga doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi, 1456 nafar xotin-qiz ishga joylashtirildi, 326 nafar xotin-qiz kasbga o‘qitish kurslariga yo‘naltirildi, 1128 nafar xotin-qizga esa bandlikka oid maslahat va huquqiy ko‘mak ko‘rsatildi.

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Mas’uliyatli ota-onalik” mezonlari bo‘yicha trening dasturi va trenerlar uchun o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqilib, mazkur mezonlarni amaliyotga tatbiq etish uchun hududlarda trenerlar tayyorlash dasturlari amalga oshirildi. Mas’ul tashkilotlarning 50 nafar mutaxassis xodimlari “Navoiy Profi” universitetida “Mas’uliyatli ota-onalik” loyihasini amaliyotga joriy etish bo‘yicha o‘qitildi va belgilangan tartibda sertifikatlar topshirildi.

Davlat dasturiga muvofiq, 2025 yilda 2800 nafar xotin-qiz axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga o‘qitilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 3794 nafar xotin-qiz o‘qitilgan.

Viloyatda lider, yirik tadbirkor xotin-qizlar ro‘yxatlari shakllantirilib, ularning tadbirkorlik loyihalari o‘rganib chiqildi va 10 nafarining yangi turdagi ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatini tashkil qilish hamda kengaytirishga qaratilgan loyihalari moliyalashtirildi. Ularga “Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasining imtiyozli kredit resurslari hisobidan 4 milliard 530 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratib berildi.

Eshituvda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azimjon Yarkulovning Strategiyaning tegishli bandlari yuzasidan axboroti ham eshitildi.

Tadbirda ishtirok etgan ekspertlar va NNTlar rahbarlari tomonidan kun tartibidagi masalalar yuzasidan taklif hamda tavsiyalar bildirildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri