Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Davlat dasturi ijrosi: noturar joyda yashaydigan oilalarning 32 foiziga uy-joy ajratilgan
17:34 / 2022-04-25

Bugun Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalar dastlabki tarzda muhokama etildi.

Jumladan, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yil I choragidagi ijrosi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti atroflicha ko‘rib chiqildi.

Vazirlar Mahkamasi vakilining taqdim etgan hisobotiga ko‘ra, davlat dasturining 2022 yil I chorakka mo‘jlallangan 87 ta vazifasidan 64 tasi bajarilgan. 7 tasining muddati uzaytirilgan. Davlat dasturi ijrosi doirasida 59 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Shuningdek, vakil har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Xususan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilganidek, 256 ming fuqaroga elektron ochiq tanlovlar asosida yer ajratilgan bo‘lsa, ularning 81 mingi “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlaridagi fuqarolardir. Noturar joyda yashaydigan 847 ta oilaning 32 foiziga uy-joy ajratilgan. 5 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’limga qamrab olish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, joriy yilda 630 ming xotin-qizni “Ayollar daftari”dan chiqarish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Senatining 2021 yil 28 maydagi “2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi Qarori ijrosi ham muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, 2021 yilda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘quv markazlarida 18,9 ming fuqaro, shu jumladan, 13,3 ming (70,3 foiz) xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 40 dan ortiq kasb-hunarga o‘qitildi.

O‘rta va o‘rta maxsus ma’lumotga ega fuqarolar uchun mehnat bozorida munosib ish o‘rinlarining hamda kafolatlangan mehnat sharoitlarining yaratilishini qo‘llab-quvvatlash borasida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida 7,5 mingga yaqin korxonalarda 360 mingdan ziyod ishchilarning 70 foizidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 258 ta yengil sanoat korxonasining har birida yuzdan ortiq xotin-qizlar ishlamoqda. Ish joylarida mehnat sharoitlarini nazorat qilish, kasb kasalliklari yuzaga kelishining oldini olish, mehnat munosabatlari bilan bog‘liq masalalarda ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirishni talab darajasida tashkil etish muhimligiga alohida urg‘u berildi.

Majlisda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar rejasida belgilangan vazifalar yuzasidan vazirlik va idoralarning axboroti ham eshitildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan savol hamda fikr-mulohazalar bildirilib, yakunda qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA